Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat organlarida nizolarni sudgacha muqobil hal etishning yangi tizimi

Fuqarolarga yuzaga kelgan nizoli masalalarni sudgacha muhokama qilishning ochiq maydonini yaratish, sudlar ish hajmini kamaytirish, davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tizimini joriy etish, nizolarni hal etuvchi zamonaviy muqobil institutlarni yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 17 iyun kuni qabul qilingan “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuqoridagi masalalarni hal etishga qaratilgan. Qarorda belgilanishicha, bundan keyin ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni ko‘rib chiqishning muqobil usullarini qo‘llash mumkinligini aniqlaydi. Nizo suddan tashqarida hal etilishining huquqiy oqibatlarini tushuntiradi. Agar taraflarning nizolari mediatsiya, hakamlik sudlari yoki arbitraj orqali ko‘rilib hal etilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, endilikda muqobil institut sifatida “Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyasiya kengashlari” faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

Asosiy jihat shundaki, Apellyasiya kengashida jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yoki ularning qabul qilgan qarorlari yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari ko‘rib chiqiladi.

Prezident qarori bilan Apellyasiya kengashi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda kengashning vazifalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish tartibi batafsil belgilangan. Nizomga murojaatlarni ko‘rib chiqish sxemasi ilova qilingan. Sxemada murojaatlarni ko‘rib chiqish bosqichlari, mas’ullari, amalga oshiriladigan tadbirlar va muddatlari aniq ko‘rsatib berilgan.

Apellyasiya kengashining asosiy vazifalari etib:

- jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko‘rish;

- murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan. U amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rish;

- murojaatni ko‘rib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish hisoblanadi.

2020 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Apellyasiya kengashlari tashkil etilmoqda.

Apellyasiya kengashi tegishli davlat organi huzurida nizolarni sudgacha hal qilish maqsadida tuziladigan kollegial-maslahat organi hisoblanadi. Uning a’zolari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Apellyasiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan ikki yarim yil muddatga tasdiqlanadi. Apellyasiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha a’zolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin. Apellyasiya kengashi tavsiyaviy tusga ega bo‘lgan xulosa qabul qiladi. Apellyasiya kengashi tomonidan qabul qilingan xulosa uch kun muddatda davlat organi rahbariga ko‘rib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga ma’lumot uchun yuboriladi.

Apellyasiya kengashining xulosasini qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin. Bunda, davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qabul qilingan qaror to‘g‘risida uch kun muddatda Apellyasiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.

Qaror bilan Adliya vazirligiga Apellyasiya kengashi tashkil etilayotgan davlat organlarining bu boradagi faoliyatini doimiy ravishda monitoring qilib borish va tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida ularga amaliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan.

Xulosa qilib aytganda, aholiga nizolarni suddan tashqari muqobil shakllarda hal etish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar, avvalo, insonga qaratilgan ekan, uning sha’ni, qadr-qimmatini hurmat qilish, buzilgan huquqlarini zudlik bilan tiklash, nizoli vaziyatlarni yumshatish, fuqarolarga o‘zaro ishonchli muloqot maydonlarini yaratish, ma’naviy qadriyatlarga rioya qilgan holda jamiyatda o‘zaro hurmatni yo‘lga qo‘yish va ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirishga harakat qilinmoqda.

Gulnora XUDAYBERDIYeVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.