Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deklaratsiya topshirishni unutmang

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan chet ellik jismoniy shaxs ham o‘tgan soliq davri uchun daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi lozim. Soliq kodeksiga asosan respublikada doimiy yashab turgan yoki har qanday ketma-ketlikdagi o‘n ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat mamlakatimizda bo‘lgan jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasining rezidenti deb e’tirof etiladi. Mamlakatdan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlardan soliqni hisobga olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ushbu daromadlardan to‘langan soliq summalari haqida chet davlat vakolatli organi tasdiqlagan ma’lumotnomani taqdim etadilar.

Deklaratsiya bevosita jismoniy shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga, pochta orqali buyurtma xat shaklida yoki elektron shakldagi axborot tarzida va internet tarmog‘i orqali taqdim etilishi mumkin.
Shuningdek, deklaratsiyani Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz – "Elektron soliq xizmatlari" portalidagi "Soliq deklaratsiyalarini yuborish" interaktiv xizmati orqali ham jo‘natish mumkin.
Daromadlar to‘g‘risida deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Fayrat ABDUSAMATOV,
viloyat davlat soliq boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i.