Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputat Endokrinologiya markazidagiga o‘xshagan holat Respublika onkologiya markazida ham tomir otib ketganini aytdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP faraksiyasi a’zosi deputat Rasul Kusherbayev Endokrinologiya markazidagiga o‘xshagan holat Respublika onkologiya markazida ham tomir otib ketganini aytdi.

U o‘zining telegram kanalida quyidagicha post qoldirgan.

Endokrinologiya markazidagi vaziyatni bunday uslubda videoga olganlarni oqlamoqchi emasman, biroq nima bo‘lganda ham markazdagi yashirin iflosliklarni o‘zlari bilganicha ochib berishibdi. Bu markazdagi bunday qing‘irliklarni uzoq yillardan buyon davom etayotganidan va tomir otib ketganidan dalolat.

Bir necha yil burun markazdagi bunday o‘yinlarga guvoh bo‘lib, hozirda markaz direktori o‘sha vaqtda SSV vaziri bo‘lgan Anvar akaga kirib shikoyat ham qiluvdim, lekin o‘sha o‘sha vaziyat.

Afsuski bunday holatlar boshqa markazlar, jumladan, respublika onkologiya markazida ham tomir otib yotganligi haqida odamlardan ko‘p eshitib, guvohi bo‘layapmiz. Bunday poraxo‘r, o‘z cho‘ntagini odamlar hayotidan ustun qo‘yib, Gippokrat qasamini bir tiyin qilayotganlarga yo‘l berib, yana ularni oqlab o‘tirganlar olim bo‘lsa ham o‘rniga nomunosib ekanligini tan olishlari va bunaqa "vrachlik" uchun jamoatchilik oldida oshkora javob berishlari kerak.

Ishni bir vaqtlar otni kallasiday o‘z cho‘ntagiga pulini olib, hayotini saqlab qololmagan va malakasizligi uchun "bandachilik" deb qutulgan marhumlarning qarindoshlaridan bosh egib, uzr so‘rashdan boshlashsa ham yomon bo‘lmasdi, deb yozadi deputat.