Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputat fikri: vaqtinchalik choralar bilan kambag‘allikni yengib bo‘lmaydi

Kambag‘allik bugun yoki kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Har qaysi zamonda, mamlakatda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham kam ta’minlangan, ehtiyojmand aholi qatlami bor.

Davlatimiz rahbari parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida yurtimizda kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma’lum qilgan edi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligini, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. Tahlillarga ko‘ra, ana shu yurtdoshlarimizning bir kunlik daromadi 10-15 ming so‘mdan oshmas ekan...

Xo‘sh, kambag‘al aslida kim? Uni qaysi mezonlar asosida belgilaymiz?

Buning uchun birinchi navbatda kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlarini belgilash, ya’ni “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” haqida alohida qonun qabul qilinishi zarurligi ko‘p aytildi. Kerakli qonun qabul qilinmasdan, kuchga kirmasdan turib, kambag‘allikni qisqartirish dasturlarini samarali amalga oshirib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bunga katta mablag‘, harakat, vaqt ketishi mumkin. Ammo qaysi oila, nima uchun qiyin vaziyatda? Kimga, qanday yordam ko‘rsatish kerak? Bu savollarga asoslangan javobni bilmasdan kambag‘allikni qisqartirish oson bo‘lmaydi.

Bugun kambag‘allikni kamaytirish choralari ishlab chiqildi, “Temir daftar” yuritish tizimi joriy etildi. Lekin bir narsani unutmaylikki, yashash minimumi miqdorini belgilamasdan turib, kambag‘allikni qisqartirishda to‘siqlarga, turli muammolarga duch kelaveramiz. Barcha sa’y-harakatlar vaqt o‘tishi bilan maqsadsiz va samarasiz bo‘lib qolish mumkin.

Parlament quyi palatasidagi fraksiyamiz "Yashash minimumi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi va konsepsiyasi ishlab chiqilib, hukumatga kiritildi. Deputatlar, partiya faollari va ekspertlardan iborat ishchi guruhi “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi”ni belgilash bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish va tahlil qilish ishlarini amalga oshirmoqda.

Albatta, hozirgi pandemiya sharoitida bu boradagi munosabatlarni tartibga solishga bir qator qiyinchiliklar paydo bo‘lishi aniq. Iqtisodiy tomondan murakkab bo‘lgan bugungi vaziyatda ushbu me’yorni ro‘yobga chiqarish oson jarayon emas. Ammo boshqa muqobil yo‘l yo‘q. Ya’ni, "Yashash minimumi to‘g‘risida" qonun qabul qilish masalasini har xil bahonalar bilan orqaga surishdan hech qanday naf chiqmaydi, deb o‘ylayman. Bir donishmand aytganidek, oldin qadam tashlaylik, yo‘lning o‘zi paydo bo‘ladi.

Sherbek BO‘RONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.