Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputat ko‘zi ojiz nogironlarning Oliy Majlisga qilgan murojaatini joyida o‘rgandi

Samarqand shahridagi 59-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim maktab internatining bir guruh o‘qituvchilari (I guruh nogironlari), Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Vazirlar Mahkamasining  2011 yil 8 sentyabrda qabul qilingan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorning 154 - bandini qayta ko‘rib chiqishini so‘rab murojaat qilgan arizasi deputati Adham Shodmonov tomonidan joyida o‘rganildi.

Qarorning 154 - bandida  qayd etilishicha, “Ish staji va pensiya tayinlangandan keyin ega bo‘lingan (olingan) ish haqi hisobga olingan holda pensiya miqdorini qayta hisoblash amalga oshirilmaydi”.

- Bizning maktab internatida 20-25 yildan buyon ishlayotgan o‘qituvchilar bor. Ular nogironlik nafaqasidan pensiyaga o‘tish vaqtida ko‘zi ojiz I guruh nogironlariga eng kam oylik ish haqining bir birobarini qo‘shib berilishiga qiziqib oldindan hujjat topshirishgan. Hozirda 3 million oylik maoshidan tashqari, 600 ming so‘mgina pensiya olayapti. Bugungi kunda ishga kirgan nogiron o‘qituvchilar pensiya uchun hujjat topshirsa, oylik maoshi 3 million atrofidaligi uchun pensiyasi 1,5 milliongacha hisoblanadi. Shuni inobatga olib, ilgari nafaqaga chiqqan nogironlarning pensiyalarini qayta hisob-kitob qilishni joriy etish borasida ko‘mak so‘rab murojaat qildik,- deydi Samarqand shahridagi 59- ko‘zi ojiz bolalar maktab internati kasaba uyushmasi raisi Zokir Maxammatov.

Ushbu masala yuzasidan deputat mutaxassislarning xulosalarini o‘rganib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli tavsiya tayyorlashini bildirdi.

- Biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Adham Shodmonovga minnatdorchilik bildiramiz. Boshqa okrugdan saylangan bo‘lishiga qaramasdan, internatga kelib murojaatimizni o‘rganib, bizga tushuntirish ishlarini olib bordi,  - deydi internat o‘qituvchisi I guruh nogironi A.Haydarov.

Shuningdek, uchrashuvda maktab internat yonidan o‘tgan yo‘l chorrahasiga svetafor o‘rnatish bo‘yicha og‘zaki ariza kelib tushdi.

Ushbu murojaat yuzasidan Samarqand shahar hokimligi rahbariyati bilan kelishib, masala ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.