Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Donorlik – beg‘araz yordam

14 iyunning xalqaro qon berish, ya’ni donorlik kuni deb e’lon qilinishining o‘ziga xos sababi bor. 2005 yil Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi turli mintaqa davlatlari sog‘liqni saqlash vazirliklarini ixtiyoriy ravishda qon topshirish to‘g‘risidagi takliflarini o‘rganib, maxsus rezolyusiya qabul qildi. Unga muvofiq, avstraliyalik vrach immunolog, odam qon guruhlarini aniqlagan, Nobel mukofoti laureati Karl Landshdeynerning tug‘ilgan kuni sharafiga 14 iyun - Xalqaro donorlik kuni deb e’lon qilindi.

Qon topshiruvchilar 18 dan 60 yoshgacha, 55 kilodan oshiq vaznga ega va sog‘lom bo‘lishi kerak. Buning uchun ayollarda gemoglabin darajasi 120, erkaklarda esa 130 dan yuqori bo‘lishi lozim. Ana shu talablarga javob beradigan sog‘lom ayollar har uch oyda, erkaklar ikki oyda bir marta donorlik qilishlari mumkin. Muhimi, inson tanasi olingan qonni tezda o‘rnini to‘ldirish imkoniyatiga ega. Qon topshirgan kishida salomatlik aslo yomonlashmaydi, aksincha tana yangi qon ishlab chiqarishi evaziga yengillashadi. Shuning uchun donor bo‘lishdan cho‘chimaslik kerak.

Qonni sun’iy tarzda ishlab chiqishning imkoni yo‘q. Uning yagona manbai beg‘araz donorlardir. Shuning uchun viloyatimizda aholining ixtiyoriy ravishda qon topshirishlarini rag‘batlantirish uchun markazimiz mutaxassislari ishtirokida tadbirlar tashkil etyapmiz. Jumladan, joriy yilning fevral va aprel oylarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda "Ezgulik albatta qaytadi" shiori ostidagi xayriya donorlik aksiyasi o‘tkazildi. Bu tadbirlarda 430 dan ziyod yoshlar, harbiylar, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari qon topshirdi.

Bekzod PO‘LATOV,

viloyat qon quyish markazi donorlarni saralash bo‘limi mudiri.