Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyoning eng badavlat odami bir kunda qariyb 7 milliard dollar yo‘qotdi

Dunyoning eng badavlat odami, Amazon asoschisi Jeff Bezos 28 oktyabr kuni 6,8 milliard AQSh dollar zarar ko‘rdi. O‘sha kuni dunyoning eng badavlat insonlari o‘ntaligiga kiruvchi milliarderlar dunyo fondlari birjalaridagi qulashlar oqibatida umumiy hisobda 37,36 milliard dollar yo‘qotdi. Bu haqda 29 oktyabr kuni RIA Novosti nashri Bloomberg Billionaires Index (BBI) taqdim etgan ma’lumotlarga asoslanib xabar berdi.

Shu bilan birga, Facebook asoschisi Mark Sukerberg (5,75 milliard dollar) va Tesla asoschisi Ilon Mask (4,24 milliard dollar) jiddiy zarar ko‘rdi. Sukerberg va Mask BBI milliarderlar reytingida to‘rtinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Reytingning ikkinchi qatoridan joy egallagan Microsoft asoschisi Bill Geyts unchalik ko‘p zarar ko‘rmadi. U bor yo‘g‘i 2,3 milliard dollar yo‘qotdi.

Milliarderlar mablag‘ining pasayishi pandemiyaning ikkinchi to‘lqini soyasida global fond bozorlarida, jumladan, Uoll-stritda yuzaga kelgan vahima ostidagi savdolar bilan izohlanmoqda. Xususan, Amerika fondlari indekslari 4 foizgacha tushib ketgan.