Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dutor inson vujudining aksi(mi)?

E’tibor berganmisiz, biz nimaga qarasak, ko‘z oldimizda borliq - koinot, odamzod, hayvonot, nabotot, yer urasi gavdalanadi. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi yoki cholg‘u asboblarining barchasida esa yulduzlar ilmi meridian chiziqlari bilan bog‘liq qadimgi fundamental fanlar tushunchalarini ko‘ramiz. 

Shu sababli Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek milliy san’ati, cholg‘u  asboblarining koinot ilmlaridan, qadimgi panteistik va boshqa ta’limotlardan kelib chiqqanligi haqida   xulosalarimni bayon qilib o‘tmoqchiman.

Aytaylik, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga  ziyorat uchun kelganimizda, o‘ylab turib, astronomiya fanidan yulduzlar meridiani, geografiya fanidan yer kurasi nisfunnahori va ularga parallel qurilgan  rasadxona meridianini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin.

Inson orqa miya umurtqa pog‘onasidan o‘tgan asab tolalari ham aynan cholg‘u asbobi kosasi, dastagi va torlarining ma’nosini  anglatgan.

Osmon katta koinot bo‘lsa, odamzod orqa miya umurtqa pog‘onasi va musiqa asbobi dastagi hamda torlari kichik koinot meridiani hisoblanib kelingan. Ya’ni, biz  bosh va orqa miyamiz, umurtqa pog‘onalari, asab tolalari orqali dunyoni, g‘ayb olamini anglasak, bosh va umurtqa pog‘onalariga  o‘xshaydigan dutor, tanbur kabi cholg‘u asboblarini chalish bilan asablarimizga dam beramiz, ma’naviyat-ma’rifat, san’at olamiga kirib boramiz.

Ehtimol, ana shu uyg‘unlik tufayli qadimda barcha qomusiy yulduzshunos olimlar musiqashunos yoki tabib ham bo‘lishgan. Jumladan, buyuk Farobiy musiqashunos bo‘lish bilan birga yulduzshunos ham bo‘lgan yoki shayx ur-rais Ibn Sino buyuk hakim va yana nujum ilmining sohibi ham bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek falakiyot ilmi bilan birga mumtoz musiqa san’atiga doir bir necha asarlar yozgan.

Demak, musiqa san’atiga tegishli har bir cholg‘u  uskunalarida nafaqat quyosh, oy va sayyoralar bilan bog‘liq notalar, balki dutor, tanbur kabi cholg‘u asboblari  kosalari - bosh kosamizga, dastagi - orqa miyamiz umurtqa pog‘onasiga, torlari esa asab torlariga xos va mos qilib yaratilgan ekan.

Bularning barchasi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi  kvadrant asbobi ko‘rinishida o‘z aksini namoyon qiladi.

Ikromiddin Sirojiddinov,     

Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi ilmiy  xodimi.