Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Eksport-import operatsiyalari bo‘yicha valyuta nazoratiga o‘zgartirish kiritiladi

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, Prezidentning 1994 yil 20 apreldagi “Eksport-import operatsiyalari bo‘yicha valyuta nazoratini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ilovasiga o‘zgartirish kiritiladi.

Unga ko‘ra, barcha tashqi savdo shartnomalari valyuta nazorati organlarida, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi (TSOYaEAT) orqali tijorat banklarida monitoringdan o‘tkaziladi. Elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan 5 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar (xizmatlar) eksporti bundan mustasno.

Tadbirkorlik sub’yektlariga ularning tashkiliy maqomidan qat’iy nazar tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha ma’lumotlarni TSOYaEATga kiritish sharti bilan xorijiy tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) O‘zbekiston hududiga haqiqatda olib kirish majburiyatisiz sotib olish va sotish bo‘yicha O‘zbekistonning norezidentlari bilan transchegaraviy (ikkinchi bir davlatdan boshqasiga) savdoni amalga oshirishni nazarda tutuvchi, xorijiy tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) yetkazib berish xizmatiga oid shartnomalarni tuzish asosida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish, xorijiy valyutadagi tushumlarning tegishli qismini boshqa norezident yuridik shaxslarga transferabel akkreditivlar va boshqa to‘lov hujjatlarini qo‘llash yo‘li bilan qaytarishga ruxsat etiladi.

Bunda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ushbu shartnomalar doirasida amalga oshiriladigan to‘lovlar miqdoridan kam bo‘lmagan mablag‘lar tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun xorijiy hamkorlarga o‘tkazilgan to‘lov sanasidan boshlab 180 kalendar kuni mobaynida o‘zlarining O‘zbekiston banklaridagi hisob raqamlariga to‘liq kelib tushishi ta’minlanishi lozim. Ushbu belgilangan muddatda kelib tushmagan valyuta mablag‘lari muddati o‘tgan debitor qarzdorlik sifatida qaraladi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining ushbu bandda ko‘rsatilgan faoliyati tashqi savdo bo‘yicha savdo-vositachilik xizmati ko‘rsatish faoliyati deb qaraladi va savdo-vositachilik xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.

Xorijiy tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) O‘zbekiston hududiga haqiqatda olib kirish majburiyatisiz sotib olish va sotish bo‘yicha O‘zbekistonning norezidentlari bilan tuzilgan xalqaro savdo shartnomalari valyutani nazorat qiluvchi organlar va tijorat banklari tomonidan monitoring qilinadi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.