Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Ekspress-salomatlik»: O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi insonparvarlik loyihasining ilk natijalari

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy sohalarda, balki ijtimoiy loyihalarda ham o‘z aksini topmoqda. Yaqinda Samarqandda hozirga qadar 120 nafar kam ta’minlangan oila a’zolarining ko‘zlariga qayta nur bag‘ishlagan loyihaning hayotga tatbiq etilishi ham aynan ana shu hamkorlik natijasidir.

Bugun O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tuzilgan dasturga asosan Xitoy Xalq Respublikasining Xalqaro hamkorlik markazining sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi delegatsiyasi vakillari Samarqandga tashrif buyurdi.

Dasturni amalga oshirish jarayoni boshlanishi munosabati bilan Samarqand viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasida anjuman o‘tkazildi. Unda Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti vakillari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

- Keyingi yillarda nafaqat iqtisodiy, siyosiy, balki ijtimoiy sohalarda ham Xitoy bilan hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda, - dedi Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov. – Ushbu insonparvarlik loyihasi doirasida o‘zbekistonlik bemorlarga ko‘rsatilayotgan yordam uchun xitoylik shifokorlarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Loyiha doirasida 500 nafarga yaqin kam ta’minlangan oila a’zolarining ko‘zlariga nur baxsh etilishi rejalashtirilgan. Bu hamkorlik doirasi yanada kengayishi, shifokorlarning o‘zaro tajriba almashinuvi va boshqa yo‘nalishlarda ham davom etishi kutilmoqda.

- «Ekspress-salomatlik» dasturi MDH davlatlari o‘rtasida birinchi bor aynan O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda, - deydi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi mas’ul xodimi Chjan Venchuan. - Bundan ikki yil avval Xitoy Xalq Respublikasi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi davomida, qolaversa, ShHT davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan anjumanlarda hamkorlikni rivojlantirish xususida qator kelishuvlar imzolangandi. Ushbu insonparvarlik loyihasining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgani mana shu kelishuvlarning amaliy natijalaridan biridir. Biz bunday hamkorlikni yanada kengaytirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz.

Anjuman davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonovaning mazkur loyiha ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilab yo‘llagan maktubi o‘qib eshittirildi.

Aytish kerakki, mazkur loyiha doirasida ayni paytga qadar Samarqand viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasida 120 nafarga yaqin kam ta’minlangan oila a’zolarining ko‘z bilan bog‘liq kasalliklari bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Shu yilning 3 dekabriga qadar davom etadigan ushbu jarrohlik amaliyotlari davomida Surxondaryo, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan 500 nafarga yaqin bemorlarga shunday operatsiyalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bepul o‘tkazilayotgan mazkur operatsiyalar hozirgi hisob-kitoblarga qaraganda, har biri o‘rtacha 2 million so‘mdan 4 million so‘mgacha bo‘lgan jarrohlik amaliyotlari sanaladi. Loyiha doirasida Pekindan «Ekspress-salomatlik» dasturi asosida to‘rt nafar yuqori malakali oftalmolog jarroh, tibbiyot xodimlari tashrif buyurdi. Shuningdek, jarrohlik uchun zarur zamonaviy apparatlar, dori-darmon, zarur jihozlar ham keltirildi.

- Bir yildirki, bir ko‘zim xiralashib, ancha qiynalib qolgandim, - deydi Oqdaryo tumanining Bolta qishlog‘idan kelgan Ziyoda Rahmonova. – Kecha xitoylik shifokorlar ko‘zimni operatsiya qilib, gavhar qo‘yishdi. Mana, bugun olamni butun rangi bilan ko‘rayapman. Shifokorlarning qo‘li dard ko‘rmasin.

Gulruh MO‘MINOVA.