Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Elektron mehnat daftarcha»siga qachon o‘tamiz?

Mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir. Amaldagi tartibga ko‘ra xodim ishga qabul qilinayotganda uni taqdim etishi shart. Ish beruvchi esa korxonada 5 kundan ortiq ishlagan barcha xodimlariga mehnat daftarchasini tutishi lozim.

Prezidentimizning 2017 yil 24 maydagi «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoniga ko‘ra, mamlakatda xodimlarning ish joyi va davlat ijtimoiy sug‘urtasiga to‘lov qilgan davri bo‘yicha ro‘yxatga olishning “elektron mehnat daftari” tizimi joriy etilishi munosabati bilan 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab birinchi marta ishga joylashtirilgan xodimlarga qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalari berilishi to‘xtatilishi kerak edi.

Ammo, haligacha, prezidentning mazkur farmonida “elektron mehnat daftari” tizimiga oid belgilangan vazifalar bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmadi. Yangi tizimni amaliyotga tatbiq etishning zarur mexanizmlari ishlab chiqilgani yo‘q.

Hozircha bu tizimning huquqiy asosi yaratilmagan. Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 29 yanvarda ro‘yxatga olingan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma bugungi kunda “elektron mehnat daftari”ga oid birorta o‘zgarishlarsiz amal qilib kelmoqda.

- “Elektron mehnat daftarchasi” tizimini joriy etish sifati va samaradorligini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 1 yanvaridan sinov tariqasida faqat vazirlik tizimida ishga tushirildi, - deydi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Umidjon Mamatov. - Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu kabi «mehnat daftarcha»larini mamlakat bo‘ylab keng tadbiq etishdan avval sinov loyihasi orqali tizim ishonchliligini tekshirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish va tizimni yanada takomillashtirishdan iboratdir. Qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasidan elektron shaklga o‘tish jarayonida aholi uchun ortiqcha murakkablik va chalkashliklar yuzaga kelmasligi uchun vazirlik tomonidan ana shunday tajriba yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bois, mavjud ma’lumotlarning daxlsizligi va to‘liq saqlanishini ko‘zlagan holda odatiy qog‘oz ko‘rinishidagi mehnat daftarchalari tizimi ham saqlab qolindi, ya’ni “Elektron mehnat daftarchasi” amaliyotga to‘liq joriy qilinguncha, qog‘ozli mehnat daftarchasi o‘z kuchini yo‘qotmaydi va shu asosda fuqarolar ishga qabul qilinadi.

Balki tez kunlarda elektron mehnat daftarini yuritish mexanizmini tartibga solishga oid yo‘riqnoma va “elektron mehnat daftari” bazasini ochish uchun maxsus elektron kalit olishning ham imkoni bo‘lar. Lekin, unga qadar bundan buyon qanday tartibda ish yuritish lozimligi haqida ish beruvchilarga tegishli tushuntirishlar berib borilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Dilmurod To‘xtayev.