Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yoshlar tarbiyasiga nuroniylar ham mas’ul

Samarqand shahridagi yoshlar markazida faxriy o‘qituvchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat ko‘rsatgan huquqshunos va yuristlar hamda jamoatchilik orasida hurmatga ega bo‘lgan nuroniylar ishtirokida “Nuroniylar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Nuroniy” jamg‘armasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Ichki ishlar boshqarmasi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yigit-qizlar va yosh tadbirkorlar qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatchilik, ularning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgani haqida so‘z bordi. Shuningdek, bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olishda   keksa avlod vakillarining ham yordamiga suyanish kerakligi aytib o‘tildi.

– Nuroniylarimiz boy hayotiy tajribasidan kelib chiqib, yoshlarni tarbiyalash, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirishda o‘z mehnatlarini ayamasliklari lozim, – dedi Hasan Normurodov. – Negaki, bugungi kunda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchiliklarning oldini olishga qanchalik kurashmaylik unga erishish mushkul bo‘lyapti. Aksincha, jinoyatlar oldingi yillarga nisbatan ortib bormoqda.  Shu bois, keksalarning ham kuchidan foydalanib, mahalla odamlari o‘rtasida insoniylik, mehr oqibatni tuyg‘ularini uyg‘otish va yoshlar tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratishlarini yo‘lga qo‘yish kerak.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova tomonidan Vatanni madh etuvchi she’rlar o‘qilib, viloyatimizning taniqli san’atkorlari ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.