Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov: A’zamxon Bahromov xalqimiz, rahbar xodimlar orasida katta hurmatga sazovor edi

Taniqli rahbar, fidoyi ziyoli, sadoqatli do‘st A’zamxon Usmonovich Bahromovning bevaqt vafoti Samarqand viloyati jamoatchiligi uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Chunki bu inson viloyatda ishlash chog‘ida ezgu fazilatlari bilan odamlar ko‘nglidan joy olgan edi. G‘allaorolda ziyoli oilada tug‘ilib o‘sgan, yaxshi tarbiya olgan A.Bahromov Toshkentda o‘qib, ilm yo‘lidan bordi, olimlik salohiyatiga erishdi. So‘ng Vazirlar Mahkamasida oddiy xodimlikdan bo‘lim va kotibiyat mudiri, vazir o‘rinbosari darajasiga erishdi.

Davlat mulk qo‘mitasi va “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasini boshqardi. Iqtisodiy sohadagi bilimdonligi, tajribasi va tashabbuskorligi bilan tanildi.

A’zamxon Usmonovich Samarqandni sevar edi. Shu bois Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlash chog‘ida ko‘plab ezgu ishlarga bosh bo‘ldi. Qo‘shrabot tumanida qisqa muddat rahbarlik qilgan bo‘lsa-da, xalqning qalbiga yo‘l topa oldi. 2017 yildan buyon Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi sifatida shu zamin ahlining haqiqiy farzandi va yetakchisiga aylandi. Tuman qisqa muddatda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishda respublikada yetakchi o‘rinlarga chiqdi. Kambag‘allikni tugatish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda ibratli tajriba yaratildi. Bu mehnat davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilib, A’zamxon Bahromov Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Men A’zamxon aka bilan birga ishlash jarayonida rahbarlik va amaliy iqtisodiyotning juda ko‘p sirlarini o‘rganganman. U kishi bilan do‘stona va yaqin munosabatda bo‘lib ishladik. Viloyatdagi rahbar xodimlar va hokimlar o‘rtasida ham katta hurmatga sazovor edi.

A.Bahromov Yangi O‘zbekiston qurilishi fidoyilaridan biri edi. Shu sababli u kishining xalq farovonligi, Vatan qudratini oshirish yo‘lidagi fidokorona mehnatlari va yaxshi nomi elimiz qalbida uzoq yashaydi.

Bahromov A’zamxon Usmonovichning vafoti munosabati bilan yurtimiz va viloyat jamoatchiligiga, marhumning oila a’zolari va qarindoshlariga chuqur ta’ziya izhor etaman.