Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov: Chetdan olinayotgan kredit xalqning pulidan qaytariladi. Shuning uchun bu pullarga nima ish bajarilsa, xalq bilan maslahatlashish kerak

Viloyat hokimligida Qo‘shrabot tumani ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Investitsiya loyihasi asosida Qo‘shrabot tumanidagi 77 ta qishloqda 55 ta ichimlik suv inshootlari qurilib, 457 kilometr suv tarmoqlarini tortish ko‘zda tutilgan. Loyiha bo‘yicha tumanning 65 ming aholisini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash nazarda tutilgan.

Yig‘ilishda loyiha mualliflari, buyurtmachilar, pudratchilar, xorijiy firma vakillari va mutaxassislar, Qo‘shrabot tumani hokimligi, "Kommunxizmat" agentligi, viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, “Suvoqava” DUK mutasaddilari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov loyihalash ishlarida mualliflar shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygani, loyihaning tuman aholisi bilan yuzma-yuz muhokama qilinmagani, 10 mingdan ziyod aholisi bo‘lgan Zarmitan qo‘rg‘onini ichimlik suvi ta’minlash ushbu loyihaga kiritilmaganini tanqid qildi.

Soha mutaxassislarining fikri eshitilgach, boshlangan qurilish, suv quvurlarini yotqizish ishlarini ikki hafta muddatga to‘xtatib, loyihani bamaslahat amalga oshirishga kelishib olindi.

– Bu muddat ichida mutaxassislarni jalb qilib, tuman hokimi va viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i rahbarligida barcha qishloqlarning talab, ehtiyoj va imkoniyatlarini batafsil o‘rganib chiqasiz, – dedi viloyat hokimi. – Balki ayrim loyihlarni boshqa, haqiqatda toza ichimlik suviga muhtoj qishloqlarga almashtirarmiz. Oldin ko‘zda tutilmagan shaharcha va qishloqlarni loyihaga kiritish kerakdir. 36,6 million AQSh dollari kichkina mablag‘ emas va Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi va Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK)dan olinayotgan bu kredit xalqning pulidan qaytariladi. Shuning uchun bu pullarni aniq va xalq uchun manfaatli maqsadga ishlatishimiz zarur. Bugun qurilayotgan suv inshootlari kamida 10 yil ta’mirsiz, kafolat bilan ishlashi zarur. Ana shu jihatlarni hisobga olib, loyihani yana bir bor mukammal ishlab, taqdim qilasiz, xalq bilan kelishib, uni ijro uchun qabul qilamiz.

Karimberdi TO‘RAMUROD.