Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ertaga Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer joriy yil 27-29 may kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Prezidentlar davlatimiz rahbarining joriy yil 20-22 yanvar kunlari Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqotni davom ettirib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni muhokama qiladilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekiston va GFR yetakchi kompaniya va banklari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashishi, qator sanoat va boshqa ob’yektlar bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Federal prezident Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, Urganch davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashadi hamda Xiva shahrining tarixiy va me’moriy obidalari bilan tanishadi.

Tashrif yakunida iqtisodiyot, moliya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.