Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farmon Toshev: "Vazirlar qarashi qachon o‘zgaradi?"

Oshkoralikka intilganimiz sari hayotimizdagi illatlar biz istasak-istamasak, ko‘zga tashlanib qolyapti. Yillar davomida kamchiliklarimizni yashirishga, «katta»lar oldida gap eshitmaslikka o‘rganib qolganimiz yana oyog‘imizga tushov bo‘lyapti.

Viloyat, tuman va shahar miqyosidagi nashrlar u yoki bu sohadagi kamchilikni ko‘tarib chiqsa, mahalliy rahbarlar unchalik e’tibor bermaydi. Faqat «Bizdan boshqa ham tanqid qiladiganlaringiz bormi?», deb xafa bo‘lishadi, xolos. Ammo shu tanqid respublika miqyosida yoki «Ozodlik» minbaridan e’lon qilinsa, rahbarman degani talvasaga tushib qoladi. Yana o‘sha gap:

- Shu holatni yozish shartmidi, o‘zimizga aytsangiz, to‘g‘rilab qo‘yardik… Vazirim «yeb tashladi», majlisda yerdan olib yerga urdi.

- Biz bu maqolani muammo sababini hamma bilsin, aybdorlar o‘z mas’uliyatini his qilsin, bunday holat boshqa yerlarda ham takrorlanmasligi uchun berganmiz…

- Bilaman, ammo bu fikringizni vazirlikdagilar tushunmaydi, ularga ham tepadagilar iddao qilsa kerak. Shu bitta maqolangizdagi kamchilikni oqlash, yopish uchun ne ishlarni qilmaymiz. Aks holda bizni ham ishdan olib qutulishadi, ammo muammo qolaveradi…

Hech kim o‘zidan xavfsiramasin, xohlagan viloyatda, xohlagan tashkilot rahbari bilan suhbatlashsangiz, shu gapni aytadi.

Meni doimo bir savol qiynaydi: nega vazirliklar o‘z sohasidan beriladigan tanqidiy mulohazani buncha og‘ir qabul qiladi? Axir jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlari yordamida sohadagi kamchiliklarni tugatishdan, eng avvalo, ular manfaatdor emasmi? Biror viloyatda aniqlangan kamchilik, mas’uliyatsizlik bahonasida o‘sha holatni barcha mintaqalarda puxta o‘rganish o‘zlariga obro‘ keltirmaydimi?

Mavjud illatlarni xaspo‘shlash, bir-ikkita tadbir orqali ko‘zga tashlanish bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Hech bo‘lmasa davlatimiz rahbaridan ibrat olaylik. U kishi qo‘yinglar, xalqaro hamjamiyat bilmasin, demayapti. Aksincha, islohotlarga to‘g‘anoq bo‘layotgan illatlarni aniqlab, jamoatchilik yordamida bartaraf etish choralarini ko‘ryapti.

Ehtimol, o‘z sohasidagi jiddiy muammolarni tahlil qilgan, jo‘yali takliflar aytgan jamoatchilik vakillarini rag‘batlantirish haqida o‘ylab ko‘rarsizlar…

Xullas, sizlarga ko‘p narsa bog‘liq…