Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fransiyada koronavirus bilan bog‘liq qaltis vaziyat kuzatilmoqda

Fransiya ilmiy kengashi rahbari Jan-Fransua Delfressining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan yangi kasallanganlarning bir kunlik soni, tashxis qo‘yilmagan va belgilarsiz kasallanganlarni hisoblaganda 100 ming nafarni tashkil etmoqda. U vaziyatni qaltis, deb baholadi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

25 oktyabr kuni Sante Publique sanitar xizmati so‘nggi bir kecha-kunduzda 52 mingdan ortiq yangi kasallanish holatlari qayd etilganini ma’lum qildi. Ushbu ko‘rsatkich mamlakat uchun rekord natija hisoblanadi. Fransiyada pandemiya boshlanganidan buyon 1 138 507 nafar odam COVID-19 infeksiyasi bilan kasallandi, 34,7 mingdan ortiq bemor vafot etdi.

“Biz juda og‘ir, hatto qaltis vaziyatda turibmiz. Ilmiy kengash ma’lumotiga ko‘ra, bir kunda 100 mingdan ortiq odam kasallanmoqda”, dedi Delfressi BFMTV radiostansiyasiga bergan intervyuda.

U ushbu raqamlar tashxis qo‘yilmagan va belgilarsiz kasallanganlar bilan birga hisoblanganligini ta’kidladi.

“Shunday qilib, virus juda katta tezlik bilan tarqalayotganini aytish mumkin. Biz bunday holat ikkinchi to‘lqinda kuzatilishini kutmagan edik. O‘zimiz ham so‘nggi o‘n kun yoki ikki hafta davomida kuzatilayotgan bunday vaziyatdan hayratdamiz”, deb qo‘shimcha qildi ilmiy kengash rahbari.