Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fransuz aktyori Mirzo Ulug‘bek rolini o‘ynash uchun Samarqandga keldi

Avval xabar berganimizdek  4 aprel kuni taniqli fransiyalik aktyor Fransua Shatto O‘zbek davlat drama teatri rejissyori Olimjon Salimov hamrohligida Samarqandga yetib keldi. Mehmonlarni Samarqand viloyati musiqali drama teatri direktori Kamoliddin Qorjovov kutib oldi.

Moviy gumbaz ostidagi ertaklar shahri Samarqand fransiyalik mehmonni o‘ziga shunchalik maftun etganki, u to‘g‘ri Registon maydoniga olib borishlarini iltimos qildi. Registon maydoni, Ulug‘bek madrasasini ko‘zdan kechirarkan Shatto janoblari “Nahotki men shu yerda buyuk siymo obrazini yarataman. Bu katta mas’uliyat”, degancha hayajonini yashirolmadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11-14 aprel kunlari Samarqand shahrida Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi tashkil topganligining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar o‘tkaziladi. Fransiyaning «Komedii Fransez» teatri aktyori Fransua Shatto O‘zbek davlat drama teatri rejissyori Olimjon Salimov sahnalashtirgan «Ulug‘bek» spektaklida bosh qahramon obrazida sahnaga chiqadi.