Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fransua Shatto mikrofondan foydalanmadi

Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida 12 aprel kuni Registon maydonidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi hovlisida taniqli rejessyor Olimjon Salimov tomonidan Maqsud Shayxzoda asari asosida sahnalashtirgan “Mirzo Ulug‘bek” spektakli namoyish etildi.

Spektakl namoyishining o‘ziga xos tomoni shundaki, Mirzo Ulug‘bek rolini taniqli fransuz aktyori Fransua Shatto ijro etdi. Voqea shunisi bilan nodirki, spektaklda Fransua Shatto fransuz tilida, Samarqand viloyat drama teatri aktyorlari o‘z rollarini o‘zbek tilida ijro etishdi. Lekin na o‘zbek, na fransuz tomoshabinlari tarjimon xizmatiga murojaat qildi. San’atning chegara bilmasligi, tilning muhim emasligi yana bir karra isbotini topdi.

Spektakl tugagach, aktyorlarga gullar taqdim qilgan tomoshabinlar ularni uzoq vaqt qarsaklar bilan olqishlab turishdi. “Rahmat!” “Tashakkur” kabi hayqiriqlar bilan birga “Bravo!” “Mersi!” kabi hayqiriqlar ham yangradi.

Fransuz aktyorining mahoratiga barcha tomoshabinlar tan berishdi. Uning yuqori tembrli bas ovozi madrasa hovlida baland jaranglab, eng chekka hujralardan tortib, madrasa gumbazlari va osmono‘par minoaralarda ham aks-sado berdi. Spektakl tugagach, mutasaddilar mikrofon orqali gapirganda ham, fransuz aktyori mikrofonni rad qilib, mikrofonsiz gapirdi va uning jarangdor ovozi butun madrasa hovlisida jaranglab eshitildi.

Karimberdi To‘ramurod.