Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

FVV tizimida ikki nafar xodim koronavirus asoratlari tufayli vafot etdi

"O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qo‘ng‘irot tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Akimov Kuanishbay Mirzabayevich hamda Xorazm viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qo‘shko‘pir tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, mayor Jabbarov Doniyor Rahimovichlarning vafoti munosabati bilan marhumlarning oila a’zolariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Shu kunga qadar ushbu xodimlarning koronavirus infeksiyasi bilan xastalanib, shifoxonaga yotqizilganligi ma’lum bo‘lgan edi.

Podpolkovnik Kuanishbay Akimov 20 yildan ortiq muddat davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi yong‘in xavfsizligi boshqarmasida turli lavozimlarda xizmat qilib kelgan.

Mayor Doniyor Jabbarov ham vazirlik tizimida 2005 yil aprel oyidan buyon turli lavozimlarda xizmat qilgan.

Yuqorida nomlari tilga olingan xodimlarimiz afsuski, ko‘rinmas yovga qarshi kurashib, xalqimizning tinchligi va farovonligi yo‘lida o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida ushbu kasallikni yuqtirib olgan.

Ular so‘nggi nafasigacha el-yurt manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilib, insonlarning tinch, xotirjam va farovon hayoti uchun shirin jonlarini ayamadi. Ko‘rsatgan fidoyiliklari va matonati aslo xotiramizdan o‘chmaydi" deyiladi FVV xabarida.