Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

G20 energetika vazirlari va ekologlari: Plastik chiqindilar dunyoni yemirayapti

G20 ga a’zo davlatlarning energetika va ekologiya vazirlarining Yaponiyada bo‘lib o‘tgan ikki kunlik yig‘ilishida asosan plastik chiqindilar masalasi muhokama qilindi.

Yig‘ilish qatnashchilari o‘z mamlakatlarida kelgusida plastik chiqindilarni kamaytirish masalasiga ko‘proq e’tibor qaratishlarini bildirdilar va bu haqda kelishuvlar imzoladilar.

Ular imzolagan hujjatda jumladan shunday deyiladi:

"Har yili daryolarga tashlanayotgan plastik chiqindilar nafaqat daryolar faunasini, balki daryolar orqali okeanlarga oqib chiqib dunyo okeani faunasini ham ifloslantirmoqda va o‘ldirmoqda. Okeanlarga tushgan plastik chiqindilar turli noyob jonivorlar oshqozoniga tushib, so‘ng ularni halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.  Shuning uchun ham muammoning yechimlaridan biri plastik chiqindilarni kamaytirishdir".

BMT hisobotlariga ko‘ra, dunyoda bir yilda 300 mln tonna plastik chiqindilar paydo bo‘lmoqda.  Shundan 8 mln tonnasi dunyo okeaniga tushmoqda va okeandagi mavjudotlarning hayotiga katta xavf solmoqda.

Yaponiyadagi yig‘ilishda, shuningdek, neft va neft mahsulotlarini tashishda dunyo okeaniga zararsiz bo‘lgan texnologiyalardan foydalanish va iloji boricha dengizga neft va neft mahsulotlarini kamroq to‘kish masalalari ham muhokama qilindi.

Yig‘ilish qatnashchilari dunyo okeanini toza saqlashda birgalashib harakat qilish vaqti allaqachon kelganini e’tirof etdilar va birgalikda harakat qilish haqida kelishuv imzoladilar.