Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Gazeta obunachiga borib yetsin

Bu yilgi obuna mavsumi vaqtli matbuot nashrlari tahririyatlari uchun og‘ir kechdi. Gazetalar tiraji avvalgi yillarga nisbatan ancha kamayib ketdi. Hatto ayrim gazetalarga zarur miqdorda obuna uyushtirilmagani sabab, ular faoliyati to‘xtab qoldi. Ayni paytda yana ko‘plab nashrlarni ana shunday taqdir kutib turibdi.

Albatta, buning sabablari haqida obuna mavsumida ham, bugun ham ko‘p fikrlar bildirildi. Bugungi kun talabidan kelib chiqib, takliflar aytildi, tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, gazeta, jurnallarning o‘z vaqtida o‘quvchiga yetkazilmayotgani ham obunaga salbiy ta’sir etayotgani qayd etildi. To‘g‘ri-da bugungi gazeta bir haftadan keyin obunachiga yetib borsa, uning qadri qoladimi?

Tahririyatimizga ushbu muammo yuzasidan doimiy ravishda murojaatlar bo‘ladi. Ayrimlarini gazetamizda chop qilyapmiz. Afsuski, bu yo‘l bilan vaziyatni o‘nglash oson kechmayapti. Shu sababli o‘tgan hafta viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib, davriy nashrlarning obunachilarga yetkazilishi ahvolini o‘rgandik.

Barcha joyda vaziyat deyarli bir xil – gazetalar chop etilganidan bir necha kun o‘tib o‘quvchiga yetkazilmoqda. Bunday holatni Samarqand shahri va barcha tumanlarda ko‘rish mumkin.

Gazeta tumanga keldi, obunachi esa qishloqda

Bulung‘ur milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji o‘qituvchilari “Xalq so‘zi” (1 dona), “Zarafshon” (5 dona), “Yoshlar ovozi” (3 dona) gazetalariga “Matbuot uyushmasi” orqali obuna bo‘lishgan. Afsuski, gazetalar muassasa kutubxonasiga bir hafta-o‘n kunda yetkazilmoqda.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi Jomboy tuman bo‘limiga esa haftada bir marta – dushanba kuni 12 ta gazeta tashlab ketiladi. «Xalq so‘zi» haftada besh marta, «Zarafshon» uch marta chop etilishini inobatga olsak, tashkilot xodimlari bu nashrlarni bir hafta kechikib o‘qishga majbur.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 15-maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari «Xalq so‘zi», «Zarafshon», «Samarkandskiy vestnik», «Nuroniy», «Kattaqo‘rg‘on haqiqati» gazetalari, «Maktabgacha ta’lim» jurnaliga obuna bo‘lgan, ammo 19 kundan buyon ular birorta nashrni olmabdi.

– Tumanimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari «Matbuot uyushmasi» orqali obuna bo‘lgan, - deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi hisobchisi G.Xushmanova. – Gazetalarni har hafta menga olib kelib berishadi. Men esa bo‘limga kelganlariga ularni tarqataman.

Bunday holatga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasida ham guvoh bo‘ldik. Mahallalarga tarqatilishi kerak bo‘lgan gazetalar shu yerda taxlam-taxlam bo‘lib turibdi.

Toyloq tumanidagi pedagogika kollejiga haftaning chorshanba va shanba kunlari, 24-umumta’lim maktabiga esa juma kuni nashrlar “Matbuot uyushmasi” tomonidan yetkazib berilar ekan. Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limiga esa “Samarqand nur ekspress” mas’uliyati cheklangan jamiyati “Qo‘shchinor”, “Zarafshon”, “Xalq so‘zi” gazetalarini haftada bir marta yetkazib beradi. Hatto, tumandagi fermerlar ham obuna bo‘lgan gazetalari ushbu bo‘limda qoldiriladi. Fermerlar bu yerga kelgandagina gazetani olib ketishi mumkin. Shuning uchun ham fermerlardan biri bilan suhbatlashganimizda gazetalarga obuna bo‘lganman, lekin haligacha olganim yo‘q, deb aytdi.

Tumandagi «Sariosiyo» mahalla raisining aytishicha, “Mahalla” gazetasiga yillik obuna bo‘lganliklariga qaramasdan, shu paytgacha ushbu nashrning birorta soni ularga yetkazib berilmagan. Demak, bu nashr ham katta ehtimol bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limiga yetkazilmoqda.

Nurobod, Urgut, Samarqand, Oqdaryo va boshqa tumanlarda ham gazetalar ana shu tartibda obunachilarga yetkazilayotgan ekan.

O‘rganishlarimiz jarayonida aksariyat tashkilot va muassasalar mas’ul xodimlari yoki gazetxonlar nashrlar vaqtida yetkazib berilmayotganini aytsa-da, bu haqda obuna uyushtirgan tashkilotga murojaat qilmaganini ham bildirdi. Vaholanki, gazeta va jurnallarning o‘z vaqtida yetkazib berilishini avvalo, obunachi talab qilishi lozim.

Pochtada bitta “Damas”?..

“Matbuot uyushmasi” MChJ Kattaqo‘rg‘on tuman uchastkasi ma’lumotiga ko‘ra, uchastka tumandagi 43 korxona va tashkilot, 102 maktab, 55 maktabgacha ta’lim muassasasi, 69 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 9 ta kasb-hunar kollejiga gazeta va jurnal tarqatish bilan shug‘ullanadi. Mazkur korxona, tashkilot va muassasalar 141 nomdagi nashrlarga obuna bo‘lgan. Gazeta-jurnallarni obunachilarga yetkazib berish uchun uchta xodim, uchta texnika ajratilgan.

– Aksariyat tashkilotlar markazlashgan holda obuna uyushtirgan, - deydi uchastka rahbari H.Rahimov. – Ularning o‘zlari shu usulda tarqatishimni so‘rashgan. Tabiiyki, bu menga ma’qul keldi. Lekin nashrlarni har bir mahalla yoki bog‘chaga tarqatishga imkoniyatimiz yetadi.

Tuman pochta-aloqa bog‘lamasi operatori D.Faniyevaning ta’kidlashicha, bog‘lamaning joylardagi bo‘limlarida jami 28 nafar xodim xizmat qiladi. Tumandagi 45 ta korxona va tashkilot, 150 dan ziyod ta’lim muassasasiga xat-xabarlar, posilka, gazeta-jurnallarni tarqatish uchun atigi bitta «Damas» rusumli avtomashina ajratilgan. Nashrlarning vaqtida obunachilarga tarqatilmayotganining sababi, ana shunda.

- Ilgari har yili 28-30 ming nusxadagi gazeta va jurnal, minglab xat-xabarlar, jo‘natmalar, pensiyalar tarqatardik, - deydi Payariq tumanlararo pochta-aloqa bog‘lamasi rahbari Ya.Nurbekov. – Xodimlarimiz soni ham shunga yarasha edi. Hozir Payariq va Oqdaryo tumanlarining 43 tashkiloti, 7 xonadoniga 4200 nusxadagi gazetalarni tarqatish, aholiga kelayotgan xat-xabarlar va jo‘natmalarni yetkazish xizmatini 21 nafar xabarchi va aloqa bo‘limi xodimlari amalga oshirmoqda. Bir yildirki, ikkita vakant ish o‘rniga talabgor topolmaymiz. Chunki oylik maoshimiz juda past.

Kutubxonada gazeta yo‘q

Ha, Payariq tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli axborot-resurs markazi uchun 2019 yil uchun birorta ham nashrga obuna uyushtirilmagan.

- 4 mingdan ziyod kitobxonlarimiz bor, - deydi markaz rahbari Qandolat Boynazarova. - Ularning aksariyati “Xalq so‘zi”, “Zarafshon”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Payariq hayoti” va boshqa gazetalarni so‘rab kelishadi. Ularga “yo‘q” deyishdan o‘zga chora topolmayapmiz. Buni xalq ta’limi bo‘limi mutasaddisiga aytsak, aybni tuman moliya bo‘limiga to‘nkashadi. O‘zimiz obuna bo‘laylik desak, oyligimiz juda kam, ro‘zg‘ordan ortmaydi.

Byudjet hisobidan obuna qilish mumkin(mi?)

Viloyat moliya boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, 2019 yil uchun tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida tuman (shahar) xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim muassasalarini mahalliy nashrlarga obuna qildirish uchun yanvar oyida 1043 million so‘m rejalashtirilib, to‘liq moliyalashtirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 25 yanvardagi 33-sonli qaroriga asosan 10 turdagi gazeta va jurnallarga obuna uchun tuman xalq ta’limi bo‘limlariga jami 1902 million so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Payariq va boshqa tumanlardagi kutubxonalarning ommaviy nashrlarga bo‘lgan talabidan kelib chiqilsa, ushbu moliyalashtirish tajribasini joylardagi axborot-resurs markazlariga ham qo‘llash fursati keldi, nazarimizda.

Obuna majburiy emas, ammo...

- Birorta nashrga obuna bo‘lganimiz yo‘q, - dedi Samarqand shahridagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Shoira Ahmedova. – Chunki o‘qituvchiga obuna bo‘lish majburiy emas.

Haqiqatdan ham Samarqand shahri markazidagi ushbu ta’lim muassasasida birorta ham nashrga obuna uyushtirilmabdi.

– To‘g‘ri, majburiy obunaning davri o‘tdi, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori K.Yuldosheva. – Lekin bu o‘qituvchi matbuot nashrlarini o‘qimasligi kerak, degani emas-ku?! Menimcha, hech bo‘lmaganda, o‘z sohasiga tegishli gazeta, jurnallarga obuna bo‘lmaslik ziyoli uchun uyat. Axir o‘qituvchiga o‘quvchilari yoki farzandlari respublika, viloyat, tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, sohasiga doir savol berib qolishi mumkin. Agar u gazeta o‘qimasa, bu savollarga nima deb javob beradi? Maktab rahbari sifatida mutolaaga mehri bo‘lmagan bunday o‘qituvchilar bilan ishlashni istamayman. Shu bois, o‘qituvchilarni ongli ravishda obuna bo‘lishlarini targ‘ib etib kelaman. Zero, ziyoli kishi gazeta, jurnal, kitob o‘qimasdan samarali faoliyat yuritishi mumkin emas. O‘z navbatida, nashrlarni o‘z vaqtida olib kelishlarini talab ham qilamiz. Ko‘rib turibsiz, bu borada muammomiz yo‘q.

Ayrim o‘qituvchilarimiz turli yangiliklar, axborotlarni internet orqali olaveramiz, obunaga pul sarflashning hojati yo‘q, deyishadi. O‘ylashimcha, bu xato. Ko‘p yillik gazetxon sifatida aytishim mumkin, gazeta va jurnal yoki kitob beradigan ma’naviy ozuqaning o‘rnini hech bir vosita to‘ldira olmaydi. Shuningdek, buning iqtisodiy tomoni ham bor. Hisob-kitob qilib ko‘ring, uyali telefon, internetdan foydalanish uchun oyiga 40-60 ming sarflasangiz bir yilda qancha bo‘ladi? Bir oilada ikki-uch kishi telefondagi ijtimoiy tarmoqlardan foydalansa-chi? Shuncha sarf-xarajatlarni farzandlarimizning uyali telefon orqali turli o‘yinlarni o‘ynashi, keraksiz ma’lumotlarni o‘qishi, saviyasiz filmlar tomosha qilishi, almoyi-jalmoyi qo‘shiqlar eshitishiga sarflayotganimizni, bularning tarbiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, milliy qadriyatlarimizga zidligini ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

Muallimaning gapiga izoh shart emas, bizning-cha.

Ma’rifatga xizmat qilish oson emas

Obuna mavsumida viloyatdagi o‘ndan ortiq obuna uyushtiruvchi tashkilotlar rahbarlari bilan har kuni, kunora uchrashib turdik. Obunachilarning ko‘p bo‘lishidan tahririyatlar qatorida ular ham manfaatdorligini eslatib, vazifaga vijdonan yondoshishlarini so‘radik. Ko‘pgina obuna uyushtiruvchilarning tahririyatlar oldidagi qarzdorligi kamlik qilgandek gazeta-jurnallarni o‘z vaqtida obunachiga yetkazmayotgani ham jarayonga salbiy ta’sir etayotganini tushuntirdik. Ular zimmasiga olgan majburiyatni 2019 yilda sidqidildan bajarishga, shartnomaga amal qilishga va tezkor ishlashga va’da berishgandi. Afsuski, ko‘p tarqatuvchilarda bu va’dalar va’daligicha qoldi. Shu sababli nashrlarning obunachilarga yetkazilishini o‘rganish endi yil bo‘yi davom etadi. O‘z navbatida mushtariylarimizdan ham gazeta, jurnallarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi yuzasidan munosabatlarini bildirib borishlarini so‘raymiz.

«Zarafshon» muxbirlari.