Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Germaniya, Xitoy, Ukraina, Afg‘oniston oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili o‘qitilmoqda

Tilshunos olimlarning ta’kidlashicha, dunyoda 3 mingdan ortiq til mavjud. Har yili besh-oltita til yo‘qolib bormoqda. Ba’zan matbuotda falon tilda gaplashuvchi so‘nggi millat vakili olamdan o‘tganligi haqidagi xabarlarga ham ko‘zimiz tushib qoladi. Sobiq sho‘rolar davrida ayrim tilshunoslar talqinida ittifoqda yagona bitta til, ya’ni rus tili qoladi, qolgan tillar yo‘qolib ketadi, degan puch g‘oyalar yaratildi.

Bu fikrlarga qarshi dog‘istonlik shoir Rasul Hamzatov “Ona tilim” she’rida “Agar jonim uzilgan bo‘lsa, ona tilim - avar tilida biror so‘z eshitsam, menga jon kiradi. Ona tilim mening o‘lgan tanimga jon bag‘ishlaydi,” degan edi. O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ham “Ona tilim o‘lmaydi” she’rida shunday fikr bildirgandi:

Ey voiz pastga tush,

Bu gap chiqdi qayerdan?

Navoiy bilan Pushkin

Turib keldi qabrdan.

Va’zingni qo‘y birodar,

Sen aytganing bo‘lmaydi.

Barcha dedi barobar:

Ona tilim o‘lmaydi.

1999 yil noyabr oyida YuNESKO Bosh Assambleyasi 30-sessiyasida Xalqaro ona tili kunini keng nishonlashga kelishib olindi. Shundan buyon har yili 21 fevral dunyo miqyosida “Xalqaro ona tili” kuni sifatida keng nishonlanadi. Bundan maqsad dunyodagi barcha xalqlarning o‘z milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyati asosini tashkil qiluvchi ona tillarini, uning lug‘at boyligini saqlashdan iborat.

Til insonlarning ma’lum guruhlariga xizmat qilish barobarida millat va elatlarning qadriyatlarini bir-biridan farqlashga yordam beradigan asosiy belgi hisoblanadi. Kanadada hukumat tomonidan kam sonli hindu, eskimos kabi millat va elatlarning tili hamda yozuvi muhofaza qilinadi. Chunki tillar yo‘qolishi bilan davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan xalq ma’naviyati va ma’rifatiga oid manbalar unutilishi mumkin ekan.

Ayni paytda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. 140 dan ortiq milliy madaniy markaz, 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 mingdan ortiq diniy tashkilot ishlab turibdi. Yurtimizda yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilinmaydi, ularning davlat tili bilan birga o‘zlariga muvofiq tilda ish yuritishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berilgan. Umumiy o‘rta ta’lim, maxsus va kasb-hunar ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya ishlari yettita tilda olib borilmoqda. Oliy ta’limda mutaxassislar sakkiz tilda tayyorlanmoqda.

Tarixi bir necha asrlarga tengdosh ona tilimiz esa xalqaro hamjamiyatda o‘ziga xos o‘rin va mavqega ega. Unda ota-bobolarimizning an’analari mujassam. Turk hoqonligi va qoraxoniylar, xususan, temuriylar davrida yuksaklikka erishgan tilimizni hazrat Alisher Navoiy yanada takomillashtirdi va sayqallashtirdi.

Chor Rossiyasi bosqini va sho‘rolar hukmronligi davrida ona tilimiz turli yo‘llar bilan kamsitildi. Avvalo, millat taraqqiyotini belgilovchi muhim omillardan biri bo‘lgan yozuvimiz turli xil bahonalar bilan bir necha marotaba o‘zgartirildi. O‘tgan asrning boshlarida maktablarda ona tili sifatida turk yoki tatar tili o‘qitilishidan cho‘chigan sho‘ro shovinistlari o‘zlarining asl maqsadini ro‘yobga chiqarish uchun ayyorlik, soxta mehribonlik yo‘lini tutishdi. Ular har bir viloyat o‘z shevasida ish yuritishiga rozilik berish orqali o‘z niyatlarini amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Hatto millat sonini kamaytirib ko‘rsatish, o‘zbeklarning yagona adabiy til doirasida birlashishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir hudud uchun o‘z shevalarida darsliklar yaratish va shu asosida darslar o‘tilishini ta’minlash bo‘yicha yashirincha ko‘rsatmalar berishgan.

Bu jarayonlarning asl oqibatini tushunib yetgan A.Avloniy, A.Cho‘lpon, M.Behbudiy, A.Fitrat, H.Hakimzoda singari jadidlar yangi ochilayotgan maktablarda ta’lim-tarbiya ishlarini o‘zbek tilida olib borishga erishdilar va ona tilida bir qancha darslik, qo‘llanma va lug‘atlar tuzishdi. O‘zbek tili terminologiyasini arab, fors va g‘arb tillaridan o‘zlashgan so‘z hamda terminlardan tozalashga harakat qildi. Ayni paytda tilimizda faol qo‘llanayotgan ot, son, olmosh, undalma, kelishiklar va ularning nomlari, egalik, qo‘shma, sodda, ergashgan, ko‘chirma, o‘zlashtirma, undov, ko‘paytirish, qo‘shuv, ayiruv, ildiz osti singari juda ko‘plab so‘z va terminlar bevosita ularning sa’y-harakatlari, tinimsiz izlanishlari natijasidir.

Afsuski, qatag‘on yillari ta’siri va 1940 yildan kirill alifbosiga o‘tilishi oqibatida ona tilimiz mavqeini oshirish borasida ma’rifatparvarlarimiz boshlagan ishlar chala qolib ketdi.

1989 yil 21 oktyabrda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi anchadan buyon til rivojiga to‘siq bo‘lib kelayotgan omillarning barchasiga zarba berdi.

O‘tgan o‘ttiz yil davomida ona tilimizning jamiyat hayotidagi roli va mavqei yanada mustahkamlandi. Prezidentimizning BMT minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlashi, Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat tilini rivojlantirish departamentining tuzilishi, O‘zbek tilini 2020-2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasining ishlab chiqilishi yurtimizda davlat tilining nufuzi yanada oshishiga keng yo‘l ochib bermoqda.

Hatto, o‘tgan yili Afg‘onistonda ham o‘zbek tili bayrami keng nishonlandi. Afg‘oniston Oliy Jirg‘asi (Oliy Majlisi)da o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei hamda o‘zbek tilining maktablarda o‘qitilishi masalasi ko‘rib chiqildi.

Germaniya, Xitoy, Ukraina, Afg‘oniston oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari faoliyat ko‘rsatayotganligi ona tilimizning dunyo miqyosidagi mavqei kun sayin ortib borayotganidan dalolat beradi.

Murodqosim Abdiyev,

Davlat tilida ish yuritish va malaka oshirish markazi Samarqand bo‘limi rahbari.