Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

G‘o‘sda to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibga solinadi

G‘o‘s qishlog‘idagi 153-maktabda "To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish" mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda tuman hokimligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi, xotin-qizlar qo‘mitasi, "Nuroniy" jamg‘armasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, G‘o‘s qishlog‘i hududidagi mahallalarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat’iy amal qilish masalalari kelishib olindi.

Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish”, “pul sochish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan aholiga tushunchalar berildi.