Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Harbiy tribunalning qatag‘on hukmi 70 yildan so‘ng bekor qilindi

Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini amalda ta’minlash borasida ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Turkiston harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining 1949 yil 9 dekabrdagi hukmiga ko‘ra O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 14, 125-moddasi «g» bandi va boshqa moddalari bilan sudlangan Mirza To‘layev (ish materiallarida – Tullyayev) va Abdirayim Mirzayevga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi bildirgan protest shu yil 15 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi kassatsiya instansiyasiga kelib tushdi.

Kassatsiya tartibidagi protestda ota-bola M.To‘layev va A.Mirzayevga nisbatan bundan 70 yil ilgari chiqarilgan hukmni bekor qilib, oqlov hukmi chiqarish so‘raldi. Harbiy sud mazkur jinoyat ishi materiallarini protest va qo‘shimcha taqdim etilgan hujjatlar bilan birgalikda ko‘rib chiqdi. Bunda arxivdagi o‘sha davr qonun hujjatlari ham atroflicha o‘rganildi.

 Natijada sud 1905 yil Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani Xushvaqt qishlog‘ida tug‘ilgan va 1985 yili shu yerda vafot etgan Mirza To‘layev qishloq masjidida imomlik qilgani bois, u kishining o‘g‘li – xuddi shu manzilda 1928 yili tug‘ilgan va 2008 yili vafot etgan Abdirayim Mirzayev dindorning bolasi bo‘lgani tufayli har ikkisining sha’niga «xalq dushmani» degan ayovsiz tamg‘a bosilgan ushbu jinoyat ishi yuzasidan kiritilgan kassatsiya protestini qanoatlantirish hamda oqlov hukmi chiqarish uchun bir nechta asoslarga ega bo‘ldi.

 Birinchidan, jinoyat ishidagi ayblovlar o‘sha davrdagi Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi, shuningdek, 14, 125-moddasi «g» bandi bilan noto‘g‘ri malakalangan.

 Dastavval, 1949 yilning 3 sentyabrida M. To‘layev hibsga olinib, O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi bo‘yicha «sovetlar hokimiyatini yiqitish, qaqshatish va zaiflatishga yoki ayrim kontrrevolyusion jinoyatlarni qilishga agitatsiya yoki propaganda yurgizish, shu mazmunda bo‘lgan adabiyotni tarqatish yoki tayyorlash yoxud saqlash»da ayblangan.

 Ammo jinoyat ishida M. To‘layev mazkur jinoyatni sodir etgani dalillar bilan tasdiqlanmagan.

 M. To‘layev qariyb bir oylik tergovlar davomida bu aybni bo‘yniga olmagani bejiz emas. U «kontrrevolyusion agitatsiya va propaganda» kabi atamani, ya’ni o‘ziga qo‘yilgan ayblov mohiyatini anglab yetmagan bo‘lsa ham, noqonuniy ravishda ushbu jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.

Harbiy tribunal ham ayblov bilan bog‘liq barcha holatlarni tekshirmagan. Natijada M. To‘layevni aybli deb topish haqida asossiz xulosaga kelgan.

Shundan so‘ng o‘rta tabaqaga mansub musulmon ulamosining o‘g‘li sifatida 1949 yil 1 oktyabrda hibsga olingan A. Mirzayevga va otasi M. To‘layevga O‘zSSR Jinoyat kodeksining 125-moddasiga ko‘ra, «ryadovoy va kichik boshliqlar sostavidagi shaxsning o‘z ixtiyori bilan ikki soatgacha davomlikdagi otluchkada (ya’ni biron joyga chiqib ketgan – S. E.) bo‘lishi, birinchi marta qilinganda», «g» bandi – «bir sutkadan oshiqcha cho‘zilgan o‘z ixtiyori bilan qilingan otluchka dezertirlik deb taniladi», degan normalari asosida ayblov qo‘yilgan.

Vaholanki, A.Mirzayev sovet armiyasiga xizmatga chaqirilmagan va harbiy xizmatchi bo‘lmagan. Shunday ekan, uning otasi M.To‘layev ham harbiy xizmatchining dezertirlik qilishiga ko‘maklashmaganligi aniqlandi.

 Biroq o‘shanda A.Mirzayevning sovet armiyasiga xizmat qilishdan bo‘yin tovlagani yoki tovlamaganligi dastlabki tergov organi va sud tomonidan tekshirilmagan. Bu borada biron-bir yetarli xolis dalillar to‘planmagan.

 O‘zSSR Jinoyat kodeksining 125-moddasini o‘z ichiga olgan ikkinchi bobi «Harbiy jinoyatlar» deb nomlangan. Ushbu bobning ilk moddasi, ya’ni 121-moddada ishchi-dehqon qizil armiyasining harbiy xizmatchilari va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar tomonidan ularning armiya saflarida bo‘lgan vaqtlarida harbiy intizomga zid keladigan harakatlarni sodir etishi harbiy jinoyatlar deb tushunilishi qayd etilgan. Shu ma’noda, M.To‘layev va A.Mirzayevga qo‘yilgan ayblovlar O‘zSSR Jinoyat kodeksining 125-moddasi «g» bandi bilan noto‘g‘ri malakalangan.

O‘z navbatida, O‘zSSR Jinoyat kodeksining 14-moddasiga muvofiq, «Har qanday jinoiy harakatni bajarishda bevosita qatnashgan shaxslar – jinoyatni bajaruvchilar deb sanaladilar». M.To‘layev va A.Mirzayevga e’lon qilingan ayblovlar o‘sha davrdagi Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-qismi, shuningdek, 125-moddasi «g» bandi bilan noto‘g‘ri malakalanganini aytdik. Demak, har ikki fuqaroning 14-modda asosida jinoyatni bajaruvchilar deb sanalishi ham qonunga xilofdir.

Ikkinchidan, harbiy tribunal hukmida M.To‘layev va A.Mirzayevni ushbu jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topishda faqat ularning o‘z ayblariga iqrorligi haqidagi ko‘rsatuvlari va guvohlarning ko‘rsatuvlarigagina tayanilgan.

 Xususan, M.To‘layev dastlab unga e’lon qilingan ayblovlarning birontasini bo‘yniga olmagan. Lekin bir oy davom etgan tergovdan so‘ng o‘g‘li A.Mirzayev ham hibsga olinganidan xabardor bo‘lgach, uni harbiy xizmatdan yashirib qolishga doir aybga iqrorlik bildirgan. Shu bilan o‘g‘lini nohaqliklardan saqlab qolishga intilgan.

A.Mirzayev otasi M.To‘layevning tergovi bo‘yicha guvoh sifatida chaqirilgan paytidayoq barcha ayblarni o‘z bo‘yniga olgan. Keyinchalik ham buni inkor qilmagan.

 Bunda A.Mirzayev, bir tomondan, otasiga imkon qadar yengil bo‘lishini, ikkinchi tomondan, boquvchilarsiz qolayotgan ikki oila taqdirini o‘ylagan.

Chunki A.Mirzayev hibsga olinganida rafiqasi 2 yoshli qizi va 1 yashar o‘g‘li bilan, M.To‘layev qamalganda esa ayoli 2 nafar balog‘atga yetmagan bolasi bilan boquvchisiz qolgan.

 Ammo sudda M.To‘layev va A.Mirzayevning ushbu iqrorligi ruhiy-ma’naviy tazyiq tufayli ekani inobatga olinmagan. Sudlanuvchilarning o‘z ayblariga iqrorligi mavjud dalillar majmui bilan asoslanmagan.

 Guvohlar bergan ko‘rsatuvlarning ishonchliligi ham qo‘shimcha dalillar to‘plash orqali tekshirilmagan. Ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan guvohlar doirasi aniqlanmagan. Shunday xolis guvohlarni chaqirib so‘roq qilish choralari ko‘rilmagan.

Ana shu omillardan ham yaqqol ko‘rinib turibdiki, M.To‘layev va A.Mirzayev, aslida, hech qanday jinoyat sodir etmagan bo‘lib, ular siyosiy ayblovlar bilan qatag‘on qilingan. Oqibatda dinu e’tiqodida mustahkam turgan M.To‘layev – 10 yil, o‘g‘li A.Mirzayev – 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

 Xulosa qilib aytganda, XX asrning 37-50-yillaridagi katta qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bolalar Mirza To‘layev va Abdirayim Mirzayevga nisbatan adolat oradan 70 yil o‘tib, nihoyat qaror topdi. Ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 30 apreldagi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi va yakuniy xulosaga kelindi.

Harbiy sud ajrimiga ko‘ra, Turkiston harbiy okrugi Samarqand garnizoni harbiy tribunalining 1949 yil 9 dekabrdagi M.To‘layev va A.Mirzayevga nisbatan chiqarilgan hukmi bekor qilinib, Mirza To‘layev va Abdirayim Mirzayevning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatildi. M. To‘layev va A. Mirzayev aybsiz deb topilib, oqlandilar.

Mirza bobo bu yorug‘ olamni tark etganidan so‘ng 34 yil o‘tib va Abdirayim boboning vafotiga 11 yil to‘lganda, aynan muborak Ramazon oyi arafasida ularning nomlari oqlandi.

 Sadriddin Eshonqulov,

O‘zbekiston Respublikasi

Harbiy sudining raisi.