Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Harbiylar Bobur haqida qanchalik bilimga ega?

Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Samarqand davlat unversiteti professor-o‘qituvchilari, boburshunos olimlar, harbiy-xizmatchilar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan tadbirda Boburning boy ma’naviy merosi, davlat boshqaruvidagi o‘rni, harbiylikdagi mahoratlari xususida so‘z bordi.

– Bobur nafaqat sarkarda, balki shoir va tarixchi ham bo‘lgan, – deydi SamDU o‘qituvchisi Feruza Aslanova.   – “Boburnoma”ning o‘zida 30 yaqin fan bo‘yicha aniq ilmiy ma’lumotlar jamlangan. Unda muallifning hayoti, dunyoqarashi, yashash tarzi ham to‘liq aks ettirilgan. Shoh va shoirning kuzatuvchanligi, atrofdagi barcha o‘zgarishlar, tabiatning nodir voqealari, jumboq va mo‘’jizalarini o‘rganmagunga qadar izlanavergani kishini hayratga soladi. Hozirda “Boburnoma” asari ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Bu zotning tarix va madaniyatimiz oldidagi xizmatlari beqiyos.

“Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi” haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar o‘zlarining bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Tanlovda 13060-harbiy qism merganlari, muhandis sapyorlar va radiotsion kimyoviy himoyalash vzvodlaridan tashkil qilingan jamoalar shoir hayoti va ijodi to‘g‘risida savollarga javob qaytardi. G‘azallar o‘qib, sahna ko‘rinishlari namoyish etdi.

Yakuniy natijaga ko‘ra merganlar vzvodining “Boburiy izdoshlari” jamoasi barcha shartlarni a’loga bajarib g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, tabdirda Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi raqs to‘garagi a’zolarining chiqishlari tadbirga fayz kiritdi.

Baxtiyor Mustanov.