Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Haydovchi ming kishini qanday mehmon qildi?

Yoshi ulug‘ kishilar yaxshi eslaydi: zamon-zamon bo‘lib, hech qachon bugungidek tinchlik-xotirjamlik, ma’murchilik, farovonlik bo‘lmagan. Bugungi avlodga yo‘qchilik, kasallik, bir burda nonga zor, ochlikdan o‘t, kunjara yeb shishib o‘lgan davrlar endi ertakday tuyuladi. Davlatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib, xalqimizning to‘q, farovon turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratmoqda. Do‘konlar, bozorlar rastalari noz-ne’matlar bilan to‘la. To‘y-ma’rakalarimizda dasturxonimizda yegulik-ichgulik mo‘l.

Ammo… Ammo dasturxonga tortilgan ne’matlarning hammasi iste’mol qilinyaptimi? Bir kishi qanchalik och yoki, ko‘pol bo‘lsada, yeb-to‘ymas bo‘lmasin dasturxondagi taomlarni bir o‘zi yeya oladimi? To‘y-ma’rakadan qolgan ovqat qoldiqlari, sindirilib yeyilmay qolgan non bo‘laklari uvol emasmi?

Yaqinda bir davrada keksa otaxon qo‘shnisi bo‘lka non bilan, yana bir kishi un bilan mol boqayotganini aytib qoldi.

Isrofgarchilik qanday paydo bo‘lyapti? Har xil ortiqcha marosim, udumlar, dahmazalarni kim o‘ylab topayapti?

Hammasi avvalo to‘qlikdan. Keyin, manmanlik, shuhratparastlikdan. Oriyatli, o‘jar, bilganidan qolmaydigan mag‘rur xalqmiz. Bir-birimizga o‘zimizni ko‘rsatib qo‘yishni istaymiz. Sarf-xarajat, isrofgarchilikni o‘ylamaymiz. “Bosh yorilsa, do‘ppi tagida”. Yelamiz, yuguramiz, yemaymiz-ichmaymiz, qarz-havola qilamiz, lekin to‘yni boshqalarnikidan bir pog‘ona o‘tkazib qo‘yishga intilamiz.

…O‘tgan asrning 70-yillari edi. Yangicha, «komsomolcha» to‘ylar endi rasm bo‘la boshlagan, odamlar stol-stulga dasturxon tuzab, o‘rtaga yashiklab aroq qo‘yishni odat qilayotgan payt. Jamoa xo‘jaligimizda shofyor bo‘lib ishlayotgan yigit o‘g‘lining sunnat to‘yini shu tarzda o‘tkazdi. Tumonat odam. Ularning yarimi taklif qilingan bo‘lsa, yarimi «yangicha to‘y»ni tomosha qilishga qiziqib kelgan. To‘y boshlandi. Stol-dasturxon yegulik-ichgulikdan sinay deydi. O‘sha kunlari Rossiyaning Bryansk shahridan g‘o‘zani defoliatsiya qilish uchun samolyotlar yordamga kelgandi. Jamoa xo‘jaligi mehmonxonasida yashayotgan ekipaj a’zolarini mehmon sifatida to‘yga taklif etishgan ekan. Yonma-yon o‘tirib qoldik. Qancha manzirat qilmaylik, uchuvchilar ehtiyot bo‘lib dasturxonga qo‘l uzatishardi. Qistayverganimizdan so‘ng «pulini kim to‘laydi?» deb so‘rashdi. Ziyofat bepulligiga zo‘rg‘a ishontirdik. Uchuvchilardan biri «70 so‘m oylik oladigan bir shofyor ming kishini qanday mehmon  qilyapti?» deb hayratini yashirolmadi.

O‘shandan beri oradan yarim asr o‘tyapti. Ammo milliy urf-odat, an’analarimizga zo‘rlab tiqishtirilgan «kommunistcha turmush tarzi», «kommunistcha madaniyat» hayotimizda tuzalmas illat bo‘lib qoldi. Mayli, to‘yni restoranda o‘tkazaylik, tashkiliy tashvishlarimiz ancha yengillashadi. Biroq, bu 300 kishini to‘yga aytib, 1000 kishilik dasturxon yozish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish degani emas-da.

Tog‘aymurod SHOMURODOV.