Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Hududgazta’minot» AJ Samarqand viloyati filiali tashkil etilganiga 60 yil to‘ldi

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirlar filial qoshida tashkil etilgan zamonaviy kutubxonaning ochilish marosimi bilan boshlandi. 5 ming kitob jamg‘armasi va 10-15 kishilik o‘quv zaliga ega bo‘lgan bu maskanda o‘zbek, rus, ingliz va boshqa tillarda chop etilgan badiiy adabiyotlardan tashqari, elektronika, mexanika, gazlashtirish sanoati va ta’minoti kabi sohalarga oid ilmiy va texnik qo‘llanmalar o‘rin olgan.

Shahar va tuman gaz ta’minoti idoralari xodimlari, soha faxriylari ishtirok etgan tadbirda «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari A.Saidvaliyev, jamiyatning “Samarqandgaz” filiali direktori X.Bobomurodov mamlakatimizda tabiiy gaz qazib olish, uni qayta ishlash sur’ati, gaz tarmoqlari va uskunalaridan foydalanish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash darajasi so‘z yuritdi.

- «Samarqandgaz» korxonasida 47 yil davomida turli vazifalarda mehnat qilib, obro‘-e’tibor qozondim, - deydi mehnat faxriysi Aktam Vahobov. – Bugun yuzdan ziyod shogirdlarim yetuk mutaxassislarga aylandi. Ko‘pchilik oilamizni “gazchilar sulolasi”, deyishadi. Chunki to‘rt farzandim shu korxonada ishlamoqda.

Tadbirda yuqori natijalarga erishgan bir guruh ishchi-xizmatchilar, soha faxriylariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).