Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1 millionga yaqinlashdi: Eng ko‘p arizalar Samarqand davlat universitetida qayd etildi

2019 - 2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim olish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1 millionga yaqinlashdi, deb xabar bermoqda O‘zA, Davlat test markazi ma’lumotlariga asoslanib.

“2019 yilning 14 iyul soat 18:00 holatiga,  kunduzgi ta’lim shakliga - 672 016 ta, kechki ta’lim shakliga - 11 947 ta, sirtqi ta’lim shakliga - 276 880 ta abituriyent hujjat topshirdi. Jami abituriyentlar soni - 960 843 nafarga yetdi”, - deyiladi xabarda.

Eng ko‘p arizalar soni Samarqand davlat universitetida qayd etildi. Ushbu oliy ta’lim muassasasiga - 65605 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Shuningdek, Andijon Davlat universitetiga - 41832 nafar va Qarshi davlat universitetiga - 40538 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Abituriyentlar eng ko‘p tanlayotgan yo‘nalishlar uchligida hamon “Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish” yo‘nalishi yetakchilik qilmoqda. Bu kasbni egallashni 76383 kishi xohlagan. Keyingi o‘rinlarda qayd etilgan - “Maktabgacha ta’lim“ yo‘nalishiga 74 ming 545 nafar, “Jismoniy madaniyat“ yo‘nalishiga esa 41 ming 352 nafar talabgor o‘qish istagini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha 14 iyul kunduzgi ta’lim shaklida o‘qish uchun hujjat qabul qilishning so‘nggi kuni edi. Bugun 15 iyul esa – sirtqi ta’lim shakliga hujjat qabul qilishning so‘nggi kuni. Hujjat topshirishga ulgurmayotgan abituriyentlar 5 ta oliygohga onlayn ravishda hujjat topshirishlari mumkin.