Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hujjatsiz savdo qilayotgan “tadbirkor”larning mahsuloti olib qo‘yildi

Bugun tadbirkorlikning boshini tutib, daromad olish va mamlakatga naf keltirish tadorigidagi g‘ayratli insonlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini qayd etish lozim. Zero, azmi qat’iy va shijoatli tadbirkori ko‘p yurt boy bo‘ladi.

Afsuski, hech bir ro‘yxatdan o‘tmasdan, amaldagi tartib-qoidalarga panja orasidan qaraydigan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlab, “Faqat o‘zim naf ko‘rsam bo‘ldi, qolgani bilan ishim yo‘q” deb fikrlaydigan “tadbirkorlar” ham bor. Lekin bunday munosabatda bo‘lish ko‘pga cho‘zilmasligi muqarrar.

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida hujjatsiz ravishda alkogol mahsulotlari bilan savdo qilayotgan fuqarolarning faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

Jumladan, ishtixonlik M.R. litsenziyasiz alkogol mahsulotlari bilan savdo qilishni o‘ziga kasb qilib olgan. Nazorat tadbirida 1 million 320 ming so‘mlik aroq daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. Narpay tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.Z. alkogol mahsulotlar bilan hujjatsiz savdo qilayotgani nazorat tadbirida ayon bo‘ldi. Natijada, 658 ming 500 so‘mlik mahsulotlar olib qo‘yildi. Urgutlik A.N. ham belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmaydiganlar toifasidan bo‘lib chiqdi. Yo‘qsa, u ham alkogol mahsulotlari bilan hujjatsiz savdo qilmas edi. Lekin nazorat tadbirida uning ham noqonuniy xatti-harakati yuzaga chiqib qoldi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.