Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hushyorligimiz bilan el-yurt dardiga malham bo‘laylik

Odamda mas’uliyat degan tuyg‘u bo‘ladi. Aynan mas’uliyat uning insoniylik belgisidir. Bu tushunchaning mazmun-mohiyatini quyidagicha izohlash mumkin: «Inson o‘zi va atrofida kechayotgan voqea-hodisalarning qanday kechayotganligiga, uning uvol-savobiga javobgar (mas’ul) ekanligini unutmasligi lozim».

Gap nima haqida borayotganini bildingiz, albatta.

Xatolarni tuzatib, yomonni yaxshilab, yaxshini mukammallashtirib, hushyor va ogoh bo‘lib, ezgu niyatlar bilan yashash faqat odamzotga xos fazilatdir. Qolaversa, tosh asridan bugungi kosmik eraga qadar bosib o‘tilgan tarixiy jarayonning aql bovar qilmas mo‘’jizalari inson dahosining tafakkuri, bilimi mahsulidir. Shuningdek, inson qoni daryo bo‘lib oqqan, millionlab xotin-qizlar, go‘daklar, himoyasiz keksalar nobud bo‘lgan, adolat oyoqosti qilingan zamonlar, urushlar ham inson qiyofasidagi “odam” zotining, hayvondan badtar, qonxo‘r, vahshiy qavmlari tufayli sodir bo‘lganligi ham ayondir.

Arqonni uzunroq tashlaganligimizning boisi shulkim, bugunga kelib, dunyo ko‘rgan, ilmu ma’rifatni keng ko‘lamda o‘rgangan, “ko‘zi kattaroq ochilgan” el, eski johiliy qarashlardan voz kechib, tiriklik umrini g‘animat bilib, to‘g‘ri va adolatli yo‘lga kirib oldimi, degan mulohaza umididir...

Aytaylik, dunyo xalqlarining boshiga tushgan bugungi tashvishli damlarda barchamiz baravar bo‘lib, hamjihatlikda koronavirus balosiga qarshi kurashish lozim deya da’vat qilinayotgan bir paytda, belgilangan tartib-intizom buziladigan bo‘lsa, oliftalik qilib, niqob taqib yurmasa, buzg‘unchining kasofati tufayli o‘nlab, yuzlab insonlar hayoti xavf ostida qolishi aniq ekanligini bilgani holda, shifoxonalardan qochib tartib-qoidani buzayotgan katta yoshdagi odamlarni nima deb atash kerak?! Ular kimlar, maqsadlari nima!? Menimcha, bunday qavm aqli-hushi to‘la shakllanmagan, ma’naviyati tuban, axloqsiz, madaniyatsiz odamlardir... Ular  uchun o‘zgalarning, hatto begunoh go‘daklarning, qarindosh urug‘larining ham hayoti ahamiyatsiz... Bunday kaltafahmlar: “Qirq yil qiyomat bo‘lsa ham qazosi yetgan o‘ladi”, deguvchi nodon-dovdirlardir...

Bu mas’uliyatsiz qavmni jarimalar solish bilan jazolash usullari qo‘rqitolmaydi. Keskinroq chora-tadbirlar qo‘llab, ularni aholi orasidan ajratmoq (izolyasiya) kerak.

Jinday o‘ylab ko‘radigan odam, avvalo, o‘zi haqida, qilayotgan ishlari xususida: men kimman, borligimdan elga manfaat bormi, nima uchun davlat menga g‘amxo‘rlik qilyapti, men shunga loyiqmanmi yoki aksincha «Nima qilyapman, qilmishlarimdan el zarar ko‘rmayaptimi?», deb mulohaza yuritmaydimi?

Koronavirus to‘g‘risidagi ko‘rsatuv va eshittirishlar orqali guvoh bo‘lishimizcha, ushbu balo tufayli Yaponiyada hatto karantin ham e’lon qilinmabdi. Chunki yaponiyaliklarning turmush tarzida qonun-qoidaga, sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilish odatdagi taomil bo‘lib, alohida ogohlantirib o‘tirishga hojat yo‘q. Ogohlik va hushyorlik, vatanparvarlik va millatparvarlik ularning qon-qoniga singib ketgan tuyg‘u.

Nima uchun bizda shunday emas?! Qachon shunday bo‘lamiz?! Umuman, bo‘la olamizmi...?!

Odam bo‘lib keldik, odam bo‘laylik,

Elu yurt dardiga malham bo‘laylik,

deya kuylanayotgan chiroyli, da’vatkor xonishlar, bugunning ko‘ksidan otilib chiqayotgan amri ma’ruf, xitobga o‘xshaydi, to‘g‘rimi..?!

Nuriddin BOBOQANDOV.