Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ibn Havqalning Samarqand shahri va Pay arig‘i to‘g‘risida yozganlari

X asrda Bag‘dodda yashab ijod qilgan va jug‘rofiya sohasida katta olim sanalgan Abul Qosim ibn Havqal al-Mausiliy an-Nasibiy o‘zidan avvalgi sayyohlarning kitoblarini o‘rganadi va 942 yil ramazon oyida sayohatga chiqadi. U Shimoliy Afrika, Ispaniya, Sitsiliya, Mesopotamiya, Eron va Hindistonda bo‘ladi va o‘z ko‘rganlarini kitob qiladi.

Ibn Havqal asarining bizgacha yetib kelgan bir necha qo‘lyozma nusxalari mavjud bo‘lib, ular Gollandiya, Turkiya, Fransiya, Angliya va Germaniya singari mamlakatlarning kutubxonalarda saqlanadi. Shuningdek, asarning Istanbuldagi To‘pqapu saroyi kutubxonasida ham bir nusxasi 3346-raqam bilan saqlanib turibdi. Ibn Havqal asarining ayrim qismlari rus tiliga tarjima qilingan. Jumladan, Ye.K. Betger Samarqand, Nasaf, Kesh, Shosh, Ustrushana, Isbijob va Farg‘ona qismlarini (Toshkent-1957) rus tiliga tarjima qilgan. Bundan tashqari, asarning “Movarounnahr” qismi ham H.Mamadaliyev va R.Xudoyberganov tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.

Ushbu «Kitob surat al-ard»  (“Yerning surati kitobi”) asari 977-978 yillari yozilgan bo‘lib, unda Samarqand shahri  va muzofoti to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlar  bitilgan.

Jumladan, asar o‘ttizinchi bobining kirish qismida Samarqand shahri haqida shunday so‘z boradi: “Shaharning qaysi yeriga nazar tashlasang, u albatta senga yoqimli tuyuladi. Qaysi narsaga boqsang, uni albatta go‘zal va o‘ziga maftun etuvchi deb topasan. Maydonlar ajralib turibdi, shaharni bezab turgan hashamatli binolar qad ko‘tarib turibdi. U yerda sarv daraxtlari chiroyli ekilgan bo‘lib, ularning yonida har xil hayvonlarning – fillar, tuyalar, ho‘kizlar va boshqa yovvoyi hayvonlarning g‘aroyib shakllari yasalgan. Ular xuddi bir-biriga hujum qilayotgandek va bir-birini sinovchan kuzatayotgandek, go‘yo jangga yoki bellashuvga hozirlanayotgandek bir-birlariga qarama-qarshi qilib qo‘yilgan.

Qanday ajoyib manzara, bunga qancha-qancha mablag‘lar sarf qilingan va bu manzara odamlarning qalblarini naqadar hayratga soladi. Bu manzaralar bu yerdagi oqar suvlarda ham aks etadi va jozibali hovuzlarning sathi to‘xtamay to‘lqinlanib turadi. Albatta, bu oqilona fikr mahsuli! Shaharda qasrlar va baland qurilgan binolar zich joylashgan. Ular hashamatli turarjoylar va muhtasham saroylardan iborat bo‘lib, bularning hammasi o‘tmishda buyuk va shavkatli podshohlar hukm surganligidan dalolat beradi.

Samarqand shahrini qal’a devori o‘rab turadi, uning to‘rt darvozasi bor. Ulardan biri sharq tomonga qaragan darvoza Bob as-Sin deb atalgan bo‘lib, balandlikda joylashgan. Uning yonidan ko‘p sonli zinalar orqali pastga as-Sug‘d daryosining oldiga tushiladi. G‘arb tomonga chiquvchi darvoza Bob an-Navbahor deb ataladi, u ham balandlikda joylashgan. Shimoliy darvoza Bobi Buxoro, janubiy darvoza esa Bobi Kesh deb ataladi.

Samarqand shahrida katta bozorlar va barcha katta shaharlarda bo‘lganidek, mahallalar, hammomlar, karvonsaroylar va uylar mavjud. Samarqandda oqar suv mavjud bo‘lib, u shaharga bir qismi qo‘rg‘oshindan yasalgan osma ariq orqali kirib boradi. Bu ariqni ko‘tarib o‘tkazish uchun tuproqdan baland g‘ov bunyod etilgan. As-Sayorifa mahallasidagi bozorning o‘rtasida ayrim yerlarda tepalikning ustiga toshlar terilgan bo‘lib, uning ustidan suv as-Safforin mahallasidan oqib chiqadi va Bobi Kesh darvozasi orqali shaharga kirib boradi. Bu osma ariqning sathi butunlay qo‘rg‘oshindan yasalgan. Gap shundaki, shahar atrofidan chuqur pastlik o‘tgan bo‘lib, ilgari undan shahar devorining qurilishi uchun loy olingan. Natijada uning ichidan qazib olingan tuproq va loyning miqdoriga yarasha katta xandaq hosil bo‘lgan.

Shu sababli uning ustidan shaharga suv o‘tkazish uchun bu xandaq ichida baland g‘ov qurish zarur bo‘lgan. Bu osma ariq qadimiy, islomdan oldingi vaqtlarda qurilgan bo‘lib, shahar bozorlarining o‘rtasidan, Ras’-at-toq nomli yerdan, Samarqandning eng aholisi zich bo‘lgan yerdan o‘tgan. Bu osma ariqning ikki tomonida vaqf yerlari joylashgan bo‘lib, ulardan olinadigan daromad uni ta’mirlash va yaxshilashga ishlatilgan. Unga qishin-yozin qarab turish vazifasi otashparastlarga yuklatilgan bo‘lib, maxsus tuzilgan shartnomaga ko‘ra, buning evaziga ulardan g‘azna uchun jon boshidan olinadigan jizya solig‘i olinmagan”.

Bundan tashqari, ushbu tarixiy manbaning o‘ttizinchi bobida jumladan shunday deyiladi: “Samarqand tuprog‘i eng unumdor va quruq tuproqlardan hisoblanadi, agar ko‘cha yoqalardagi odamlarning uylaridagi oqar suvlardan ko‘tariladigan bug‘lanishlar va ulardagi zich o‘suvchi tol daraxtlari ko‘p bo‘lmaganda, ba’zi tabiblarning aytishicha, ortiqcha quruqlik, albatta, ularga zarar keltirgan bo‘lar edi. Bu yerda yashaydiganlarning binolari paxsa va yog‘ochdan qurilgan.

Shahar  aholisi  o‘zining chiroyi bilan ajralib turadi. Ular saxiylik qilishda, o‘zlariga ko‘p xarajat sarflash va g‘amxo‘rlik qilishda ortiqcha harakat qiladilar, bunda ular Xurosonning ko‘pchilik shaharlaridan ustun turadilar, shuning uchun ham bu hol ularning mablag‘larini kamaytirib yuborgan. Samarqand Movarounnahr odamlarining to‘planish yeridir, Movarounnahrdagi eng yaxshi odamlar Samarqandda tarbiya olganlar.

Shahar bilan eng yaqin tog‘lar orasidagi masofa bir yengil marhalani tashkil qiladi, faqat unga bevosita Ko‘hak nomli bir kichik tog‘ tutashgan bo‘lib, uning etagi Samarqand devorigacha cho‘zilgan. Uning uzunligi bir milga teng. Bu tog‘dan shahar binolari qurilishi uchun tosh hamda idishlar  shuningdek, shisha idishlar yasash uchun ishlatiladigan loy va ohak qazib olinadi ...”

Shuningdek, ushbu tarixiy kitobning o‘ttiz birinchi bobi Samarqand atrofi va undagi ariqlar haqida bo‘lib, unda quyidagilar yozilgan:

“Ularning suvlari Sug‘d daryosidan oqib keladi... Suv tog‘lar orasidagi nohiyadan oqib chiqib, Bunjikatga, keyin esa “Turon boshi” ma’nosini anglatadigan Varag‘sar nomli bir yerga yetib boradi. Bu yerdan Samarqand ariqlari ajralib chiqadi va vodiyning g‘arbiy qismida Samarqand tomondagi rustoqlar ularga bevosita tutashadi. Vodiyning sharqiy qismidagi ariqlar esa Varag‘sar qarshisidagi  G‘ubor  nomli yerdan boshlanadi, chunki aynan shu yerda tog‘lar ayrilib, ekin ekish va ariq o‘tkazish mumkin bo‘lgan yerlar boshlanadi. Varag‘sardan Nahri Barsh, Nahri Bormish va Nahr Bashmin nomli ariqlar boshlanadi. Nahri Barsh Samarqand shahrining g‘arbiy qismigacha oqib borib, undan shahar ariqlari va bu ariqlar bo‘ylab boshidan oxirigacha joylashgan qishloqlarning ariqlari suv oladi. Nahri Bormish shu ariqdan keyin janub tomonda joylashgan bo‘lib, uning bo‘ylarida boshidan oxirigacha bir kunlik yo‘l masofada qishloqlar joylashgan. Bashmin arig‘iga kelsak, u Bormish arig‘idan janubroqdan oqib o‘tadi va boshidan oxirigacha joylashgan ko‘p sonli qishloqlarni sug‘oradi, lekin u yuqorida zikr etilgan ikkala ariqdan oldinroq tugaydi.

Bu anhorlarning eng kattasi Barsh, keyin Bormishdir. Ularning ikkalasida kiyiklar yuradi. Bu ariqlardan kichikroq ariqlar ajralib chiqqan bo‘lib, ularning soni juda ham ko‘p, shu tufayli ular yordamida qishloqlar va ekinzorlar gullab yashnaydi. Varag‘sardan katta ariq oxirigacha maydonni Darg‘am nomli rustoq egallaydi. Uning uzunligi 10 farsax, eni esa taxminan to‘rt o‘lchovdan bir o‘lchovgacha. Bu yerda joylashgan rustoqlar Varag‘sar, Moymurg‘, Sanjarfag‘n va Darg‘am deb ataladi. G‘ubor arig‘idan oqib chiqadigan ariqlar quyidagilardir, ya’ni: Nahri Ishtixon, Nahri Sinovob va Nahri Buzmojan”.

Ushbu kitobda Ishtixon to‘g‘risida shunday deyiladi:

“Sinovob arig‘i Buzmojan arig‘ining orqasidan oqib o‘tib, Vidor rustoqiga yetib borguncha bir necha qishloqlarni sug‘oradi, so‘ngra undan o‘tgandan keyin Ishtixon tumanining oxirigacha oqib boradi va boshidan oxirigacha taxminan ikki marhala masofada go‘yo bir yaxlit qarog‘ni tashkil qiladi. Buzmojan arig‘i undan pastroqda, shahar tomonda joylashgan bo‘lib, Buzmojan nomli rustoqni sug‘oradi. Ishtixon arig‘ining boshidan taxminan to‘rt farsax masofagacha uning suvidan foydalanilmaydi, keyin u kichik ariqlarga bo‘linadi. Ishtixon shahriga yetib borguncha to‘qqiz farsax maydonni sug‘oradi. Keyin u Ishtixon shahrini va uning rustoqlarini sug‘oradi. U mazkur ariqlarning eng yirigi hisoblanadi.

Bu ariqlarning hammasi Sug‘d daryosidan ajralib chiqadigan boshlang‘ich ariqlardir. Daryoning g‘arbiy tomonida to Samarqanddan o‘tmaguncha undan birorta ham ariq ajralib chiqmaydi. Daryoning boshidan Samarqand shahriga yetguncha bo‘lgan masofa yigirma farsaxdan ko‘proqdir”. Shuningdek, kitobda Samarqand viloyatidagi Pay arig‘i to‘g‘risida jumladan shunday deyilgan:

“Daryo Samarqanddan taxminan ikki kunlik yo‘l masofa bo‘ylab oqqanidan keyin undan Pay nomli ariq ajralib chiqadi. Butun Sug‘dda boshqa bunday ariq yo‘qki, uning bo‘ylarida ishlov berilgan yerlarning maydoni, aholining zichligi, dehqonlarning boyligi, qasrlarining muhtashamligi, qishloqlarining gullab yashnashi va istehkomlarining soni Paynikidan ko‘proq bo‘lsa, u butun Sug‘dning yuragidir. Pay arig‘idan ko‘plab ariqchalar oqib chiqadi, lekin men ular haqida aniq ma’lumotga ega bo‘la olmadim. Bu ariq ikki kunlik yo‘ldan ortiq maydonni sug‘oradi”.

Ko‘rinib turibdiki, Ibn Havqal voqelikni imkon qadar xolis yoritishga harakat qilgan. O‘tmishda ham Samarqand va uning muzofoti haqiqatda juda chiroyli, ulug‘vor, chinakam ma’noda jannatmakon maskan bo‘lgan.

Ochil  Rustamov,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i.

Nuriddin Yusupov,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

SamDChTI magistri.