Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ichki ishlar vaziri Samarqandda sektor rahbarlari bilan uchrashdi

Kecha, 21 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ustuvor vazifalar hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 aprel kunidagi 216-sonli qarori ijrosi yuzasidan Samarqand viloyati tumanlari sektor rahbarlarining joylarda fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilishi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi va oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi, tomorqa hamda zaxiraga olingan yerlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida navbatdagi hududiy uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Uchrashuvda sektor rahbarlarining har bir mahalla kesimida, yil yakuniga qadar aniq hisob-kitoblarga asosan talab qilinadigan go‘sht, kartoshka, piyoz, sabzi, guruch, un va yog‘ mahsulotlarining uzluksiz ta’minotini tashkil etishi, aholi tomorqasi, bog‘-tok oraliq yer maydonlaridan unumli foydalanish, lalmi va boshqa meliorativ yerlarni o‘zlashtirish, ulardan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida chigit ekish va g‘allani parvarishlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlariga tanqidiy baho berildi.

O‘tkazilgan yig‘ilishlarda mamlakatimizda pandemiya sharoitida fuqarolar salomatligini saqlash, global inqiroz davrida aholi bandligini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlash, karantin qoidalariga amal qilgan holda, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqaruvchi korxonalarning izchil faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan tuman sektorlari rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotlar tinglandi.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida tomorqalarni o‘rganish, aholini ogohlantirish, ularga javobgarlik masalasini tushuntirib, hisob-kitoblarni qayta qo‘rib chiqib, kam ta’minlangan oilalarga beg‘araz urug‘-ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish lozimligi tushuntirildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda pandemiya sabab ayrim ishlab chiqarish va boshqa iqtisodiy tarmoqlar to‘la quvvat bilan ishlamayotgani bois oziq-ovqat zaxirasini yaratish eng dolzarb masala ekanligi, bu borada zaruriy chora-tadbirlar belgilash lozimligi tahlil qilindi.

Shuningdek, vazir Urgut tumanidagi “Ideal Lazer” MChJ, “Urgchers” MChJ, “YEC GILAM” MChJ, “Urgut Mikro Metal” MChJ korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tadbirkorlarga pandemiya sharoitida ham ishlab chiqarishni to‘xtatmaslik, yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlariga murojaat etishlari lozimligi ta’kidlandi.

Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.