Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishlash yoki moddiy yordam nafaqasi tayinlashda qanday hujjatlar talab qilinadi?

Bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarishlash nafaqasini tayinlashda kimga, qaysi idoraga murojaat qilish kerak va qanday hujjatlar taqdim etish lozim?

Sh.Qo‘chqorova,

Payariq tumani Imom Buxoriy mahallasi.

Prezidentimizning 2020 yilning 4 avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan viloyat Pensiya jamg‘armasi hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning noyabr oyidan ijtimoiy nafaqalar to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va tayinlash amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan “Sirdaryo viloyatining kam ta’minlangan oilalariga «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida” vaqtinchalik nizom tasdiqlangan (unga 2020 yil 15 mayda Vazirlar Mahkamasining 286-sonli qarori bilan o‘zgartirish kiritilgan).

Mazkur Nizomning 13-bandida bola parvarishlash bo‘yicha nafaqa tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i nomiga yozilgan (maxsus shakl bo‘yicha) ariza murojaat qiluvchining yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etilishi belgilangan.

Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

 Ariza beruvchi oila a’zolarining pasporti nusxalari, chet el fuqaroligi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (doimiy yoki vaqtinchalik propiskadan o‘tganligi qayd etilgan beti bilan) va nikoh to‘g‘risidagi, bola tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar nusxasi;

 bolalar vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organining qaroridan ko‘chirma ilova qilinadi;

 ushbu Vaqtinchalik nizomga 2a-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun oilaning murojaat qilgan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun boshqa daromadlari to‘g‘risida ma’lumot;

 ushbu vaqtinchalik nizomga 2b-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha tijorat banklarida ariza beruvchi hamda uning oila a’zolari nomidagi bank hisobvaraqlaridagi qoldiqlar va ariza berilgan oydan oldingi 6 oy mobaynida nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etish to‘g‘risida ariza taqdim etilgan sanada birga yashovchi 18 va undan katta yoshdagi barcha oila a’zolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza.

Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlarning to‘liq taqdim etilganligi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tekshiriladi. Ushbu bandda keltirilgan hujjatlar taqdim etilmagan hollarda ariza ko‘rib chiqilmaydi.

Abdurashid RAHIMOV,

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.