Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Investitsiya loyihalariga mas’ullar javobgarmi yoki vositachilar?

Dastlab, investitsiya loyihalari nima ekani, u qay tartibda, qanday omillarga asoslanib tuzilishiga to‘xtalsak. Nomidan anglashilganidek, investitsiya biror loyihani amalga oshirish uchun mahalliy, xorijiy yoki xalqaro moliya va donorlik tashkilotlari tomonidan yo‘naltiriladigan mablag‘ hisobidan tashkil etiladigan yangi tuzilmaga yo‘naltiriladi. Bunda ikki va undan ortiq tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida ma’lum hududda aniq hisob-kitoblarga asosan ishlab chiqarish, ijtimoiy soha va biror tarmoqni rivojlantirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vositachilar orqali mablag‘ yo‘naltirish nazarda tutiladi.

Viloyatimizda 2019-2020 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish bo‘yicha 863 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish dasturlari tuzilgandi. Ular to‘liq hayotga tatbiq etilsa 17 ming 756 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun esa 6 milliard 445 million 292 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni so‘zsiz amalga oshirish lozimligi bildirilgandi. Chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish, investitsiyalarning asosiy qismini o‘zlashtirishni yilning oxiriga surish amaliyotiga chek qo‘yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, to‘qqiz oylikda 70 foizga yetkazish zarurligi ta’kidlangandi.

Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 1 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilib, jami 133 ta yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ammo hokimlar va ularning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari ishni tashkil etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani oqibatida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida ayrim ob’yektlar foydalanishga topshirilmay qolgan. Davlatimiz rahbari bunday loyihalarda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tarmoq jadvallarini ishlab chiqish va ijrosini nazoratga olish yuzasidan aniq topshiriqlar bergandi. 

Ko‘rinib turibdiki, Prezident aytgan gaplar, xususan, investitsiya loyihalari ijrosi kechikmoqda. Nega? 

Hozirgacha belgilangan 2 milliard 277,2 million so‘mlik 487 ta loyiha amalga oshirilib, 7 ming 974 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, bu borada ancha ortda qolinayotgani ayon bo‘ladi. Masalan, hozirgacha sanoatda 146, xizmat ko‘rsatishda 97 va qishloq xo‘jaligida 133 ta loyiha ishga tushirilmagan. Oqibatda 9782 ta yangi ish o‘rni yaratilmasdan qolmoqda.

Ishtixonda ahvol qanday?

Tumanda 2019-2020 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis hamda qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya mablag‘lari jalb qilish orqali 40 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Unga ko‘ra, asosiy faoliyati quritilgan va qadoqlangan meva, dukkakli mahsulotlar eksportchisi bo‘lgan “Samarkand-Baku Agro biznes” qo‘shma korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilmoqda. 

- Tumanning Qo‘rli mahallasi hududidan 160 gektar lalmi maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llagan holda uzumchilik klasteri tashkil etyapmiz, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Jasur Mansurov. – Ushbu tejamkor texnologiyaning mayda qismlarigacha Isroil davlatidan keltirildi va butun maydon to‘liq kompyuterlashgan holda sug‘oriladi. Buning uchun 7 ta artezian qudug‘i qazildi. Loyihani amalga oshirish uchun joriy yilning o‘zida 340 ming AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi. Uzumning kishmishbop, eksportbop mahalliy navlari ekiladi va ko‘chatlar to‘liq hosilga kirganda 3 ming 200 tonna uzum va undan 650 tonnadan 800 tonnagacha eksportbop mayiz olish mumkin. Hozirda mahalliy sohibkorlardan yong‘oq va uzumni olib, quritib, qayta ishlab, eksportga chiqarayotgan bo‘lsak, ikki-uch yilda tokzor hosilga kirgach, mahsulot shu yerning o‘zida quritiladi, qayta ishlanib qadoqlanadi va eksportga chiqariladi. Loyiha ishga tushgach, 15 ta doimiy va 100 ta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.

Tuman hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida tumanda xizmat ko‘rsatish va servis sohasida tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i va bank kreditlari hisobidan 25,7 milliard so‘mlik 17 ta loyiha amalga oshirilgan va 164 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Buning natijasida 5,2 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatish hajmlari yaratilib, ishlab chiqarish 2,1 foizga ortishi rejalashtirilgan.

- Bir necha kun avval Turkiyada mahalliy ishbilarmonlarga ishlab chiqarish va eksport salohiyatimizni taqdim etdik, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Bekzod Egamqulov. – Uchrashuvda 2,3 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya ishtirokida mevani qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikka oid memorandum imzoladik. Shuningdek, turkiyalik tadbirkorlar bilan 2,5 million dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotimizni eksport qilish borasida kelishuvga erishdik.

2019-2020 yillarda tumanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish bo‘yicha hozirda umumiy qiymati 25,5 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 11 ta investitsiya loyihalari shakllantirildi va yil yakunigacha 12 million dollar miqdoridagi sarmoya kiritilib, 175 ta ish o‘rni yaratiladi.

Rejalar yaxshi. Ammo yilning asosiy qismi ortda qolgan bo‘lishiga qaramay tumanda 2,051 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya o‘zlashtirilgan. Bu yillik rejaga nisbatan 17 foizni tashkil etmoqda. Dasturda belgilangan zamonaviy parrandachilik, chorvachilik kompleksi, savdo shoxobchasi tashkil etish, issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish, toshga ishlov berish, transport xizmati ko‘rsatish xizmatlari kabi loyihalar bank krediti, qurilish ishlarining ortda qolayotgani, litsenziya olish va boshqa sabablarga ko‘ra belgilangan muddatda bajarilmagan.

Har bir loyiha ishlab chiqilishi va tasdiqlanishida aniq hisob-kitob qilinadi. Kimningdir e’tiborsizligi bilan belgilangan loyihaning ortga surilishi, eksport o‘rniga import hajmining ortishiga olib keladi. Joylarda hokimlarga har bir soha bo‘yicha o‘rinbosarlar, har bir dastur yuzasidan mas’ullar tayinlandi. Dasturlar bajarilmayotgani, belgilangan loyihalar kechikayotganining sababi nimada? Mas’ullar vazifasini bajara olmayotganidami yoki vositachilar beparvoligidami?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).