Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Iqtisodiyot barqaror bo‘lsa, aholi turmush darajasi oshadi

Avval xabar qilganimizdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar dastlab kambag‘al oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotni tingladi.

Mazkur masala yuzasidan viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov hisobot berdi. Qayd etilganidek, viloyatda bugungi kunda 16 mingta kambag‘al oila ro‘yxatga olingan.

Mazkur ro‘yxatni qisqartirishda, avvalo, ishsiz fuqarolarni mavjud bo‘sh (vakansiya) ish o‘rinlari va investitsiya dasturlari doirasida yaratiladigan yangi ish o‘rinlari asosida bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, aholini shaxsiy va dala tomorqalarida bandligini ta’minlash, kooperativlar tashkil etish va ularga maqsadli subsidiyalar ajratish, muhtoj oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarini kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, 12 ming 24 fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladi. Shuningdek, 977 nafar tomorqa yer egalariga 4,5 milliard, 960 ta dala kooperativlari a’zolariga 2,1 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. 80 ming fuqaro o‘zini o‘zi band qilish orqali ish bilan ta’minlanadi.

Kambag‘allikni qisqartirishda tashabbus deputatlarda bo‘ladi

Sessiyada shunday qarorga kelindi. Buning uchun viloyat Kengashining har bir deputatiga 50 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Ular o‘z okrugidagi 10 nafardan kambag‘al oila ro‘yxatini shakllantiradi va bu xonadonlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, imtiyozli kredit ajratilishini nazoratga oladi.

Shuningdek, deputatlar kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar natijadorligini nazoratga olib, yo‘nalishlar kesimida o‘z takliflarini beradi. Negaki, har bir hududning o‘z rivojlanish tendensiyalari va imkoniyatlari mavjud. Shu jihatdan kuch va mablag‘ noo‘rin yo‘naltirilmasligi kerak.

Sessiyada qayd etilishicha, viloyatimizda aholini kasb-hunarga o‘qitish ishlarini tashkil etish uchun respublika byudjetidan 10 milliard so‘m pul ajratilishi kutilmoqda. Demak, bundan unumli foydalanish zarur.

Turizm raqobatbardosh bo‘lishi lozim

Sessiya ishida, shuningdek, viloyatda sayyohlik salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ko‘proq mehmonlarni jalb qilish maqsadida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Birgina xitoylik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan turistik markaz uchun 350 million dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan. Yoki Imom Buxoriy ziyoratgohi hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib boriladi. O‘z navbatida bunday loyihalar bilan parallel ravishda qator infratuzilma ob’yektlari barpo etilib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Sessiyada deputatlar bu borada oddiy masalalar ham e’tibordan chetda qolmasligi zarurligini qayd etdi. Bugungi keskin raqobat muhitida e’tirozlarga o‘rin qoldirmaslik zarurligi aytildi.

Xususan, tarixiy obidalar atrofidagi avtoturargohlarni xususiy sektor boshqaruviga berish, sayyohlik ob’yektlarida audiogid xizmatini yo‘lga qo‘yish, tungi xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalari faoliyatini kengaytirish taklif qilindi. Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirish, bunda mavjud resurslarni ishga solish zarurligi aytildi.

Paxtachi «qizil hudud»dan chiqadi(mi?)

Sessiya ishida tuman hokimi M.Hamdamov shu haqda hisobot berdi. Qayd etilishicha, 2021-2023 yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 762,4 milliard so‘mlik 155 ta loyiha ishlab chiqilib, 2040 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Shuningdek, tijorat banklarining kredit mablag‘lari hisobidan 2 ming 200 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanadi.

Tumandagi 30 yoshgacha bo‘lgan ishsiz yoshlardan 1441 nafariga yer ajratish, 805 nafarini kasb-hunarga o‘qitish, 1950 nafariga imtiyozli kredit mablag‘lari berish rejalashtirilgan. Sultonobod massivi hududidan 2,4 gektar yer maydonida “Yoshlar sanoat zonasi” tashkil qilinmoqda.

Joriy yilda tuman markazida 385 xonadonga mo‘ljallangan 9 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun qo‘shimcha 9 ta yangi transformator punkti o‘rnatilib, 67 ta transformator punktlari mukammal ta’mirlanadi hamda 7,9 kilometr yangi havo tarmoqlari tortiladi. Aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida 20,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga 101 kilometr tarmoq tortish hamda Nurafshon mahallasida suv inshootini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Sessiyada kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.