Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishsizlik va bandlik - raqamlarda

Bugunga kunda viloyatimizda 148 887 nafar ishsiz fuqarolarning borligi fikrimizning isbotidir. 

Joriy yilda viloyatda 39 952 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etish belgilangan bo‘lib, amalda noyabrga qadar 37 486 ish o‘rinlari yaratildi. Shundan kichik loyihalar bo‘yicha o‘z mablag‘i hisobidan 4368 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 12 744 ish o‘rni yaratildi. Ammo kredit berish hisobiga tashkil etiladigan ish o‘rinlari amalda bajarilmagan. Sababi, banklar tomonidan kredit mablag‘lari ajratish paysalga solib kelinmoqda. Masalan, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yilda 9140 ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan, biroq amalda 543 ish o‘rni tashkil etilgan. Shuningdek, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1050 ish o‘rni yaratilishi belgilangani holda atigi 676 ish o‘rni tashkil etilgan.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ham muntazam ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda viloyat miqyosida 1140 nafar xotin-qiz og‘ir ahvolda yashayotgani aniqlandi. Darvoqe, hududlar miqyosida olib qaraganda yashash sharoiti qiyin xotin-qizlarning eng ko‘pi Samarqand shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Yil davomida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi og‘ir turmush sharoitidagi 500 nafar xotin-qizning 450 nafari ish bilan ta’minlandi. 

Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Samarqand, Toyloq va Urgut tumanida yashovchi qiyin sharoitdagi ayollarning hammasi ish bilan ta’minlandi. Ularning asosiy qismi mavjud korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.

2019 yil yanvar-noyabr oylarida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 54 570 nafar fuqaro ish so‘rab kelgan. Ish so‘rab murojaat qilganlarning soni jihatidan Samarqand shahri (6945 nafar) yuqori o‘rinni egallamoqda. Shundan ishga joylashganlar 30 190, kasbga o‘qitishga yuborilganlar 3270, jamoat ishlariga jalb qilinganlar 18 037 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, 4747 nafar kishi yil boshidan buyon ishsiz deb topilib, ularga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. Bugungi kunda 579 nafar kishi ishsizlik nafaqasini olyapti. Viloyat bo‘yicha 1471 nafar kishi ish izlovchi sifatida ro‘yxatda turibdi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, ayrim xususiy korxona va tashkilotlar soliqlardan qochish maqsadida ba’zi ishchilarini rasman ishga olmaydi. Ish beruvchi kelishilgan holda ishchiga kunlik yoki oylik haq to‘laydi. Tabiiyki, rasman ishga olinmagan fuqaro ish haqidan hech qanday soliq to‘lamaydi. Shuningdek, unga ish staji ham yozilmaydi. Bunday tartib ham soliqqa ziyon, ham xodimga. Monitoring tekshiruvlar natijasida joriy yilning yanvar-noyabr oylarida viloyatda jami 84 523 nafar xodimning ishi rasmiylashtirildi.

O‘rganishlar natijasida ish beruvchi tashkilotlar tomonidan qonunbuzilish holatlari ham aniqlanmoqda. Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan viloyatda 7475 holatda qonunbuzarliklar sodir bo‘lgan. Bulardan eng ko‘pi xalq ta’limi 3609, maktabgacha ta’lim 1658 hamda tibbiyot muassasalarida 517 holatda qonunbuzarliklar aniqlangan. 

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fuqarolardan kelgan murojaatlar asosida 18 ta tashkilotda majburiy mehnatga jalb etish holatlari o‘rganilgan. 13 holatda majburiy mehnat ko‘rinishlari aniqlangan va aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan. 5 holatda esa majburiy mehnatga jalb etish aniqlanmagan. Majburiy mehnatga jalb qilgan aybdor shaxslarga nisbatan jami 9 528 310 so‘m jarimalar undirilgan.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.