Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishtixon tumani markazidan qishloqlarga qanday boriladi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman markazidan qishloqlargacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda imkon qadar avtobus va yengil avtomashina xizmati tashkil qilingan. Aslida-chi?

Tuman markazidan Mitan qo‘rg‘oniga “Hoshim avtotrans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 ta avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning ushbu yo‘nalishda 2 ta “Damas” rusumli avtomashinasi xizmat ko‘rsatmoqda. Mitan qo‘rg‘oniga yo‘li tushgan odam bu raqamlar “xo‘jako‘rsin” uchun qilinganini yaxshi biladi.

Ma’lumki, muayyan yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi korxona tender orqali aniqlanadi. Ya’ni, talabgor korxonalarning imkoniyatlari obdon o‘rganilgach, ular orasidan eng munosibi tanlab olinadi. Xo‘sh, avtomobillari soni o‘ntaga ham yetmaydigan korxona qay tariqa tender g‘olibi bo‘lgan? Agar tenderda qatnashish davrida yetarlicha avtoulovi borligini namoyon qilgan bo‘lsa, korxonaning faoliyatini nega o‘tgan davrda bunday salbiy tomonga o‘zgarib ketdi?

Umuman, tuman markazidan qishloqlarga bitta avtobus, ikki yoki uchta yengil avtomobil xizmat ko‘rsatayotganiga mas’ullar, xususan, soliq idorasi qaysi o‘lchovga asosan ishonib kelmoqda? Mutasaddi idoralar xodimlari faqat noqonuniy odam tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan avtomobil haydovchilarini topib jarimaga tortish bilan cheklanmoqdami?

Savollar bisyor. Ularning javoblarini topishga intilganing sayin yopiq iqtisodiyot va boshqa gumonlar xayolga kelaveradi. Tegishli mas’ullar bu masalada, albatta, izoh beradi, degan umiddamiz.