Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ismoil Jo‘rabekov: “Birinchi prezidentning buyrug‘ini bajarmaganman”

1994-98 yillarda O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan Ismoil Jo‘rabekov birinchi prezident tomonidan O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi ko‘prikni portlatish uchun yuborilgan. Biroq u ikki davlatni bog‘lovchi ko‘prikni portlatish buyrug‘ini bajarmaganini gapirib berdi.

Ismoil Jo‘rabekov O‘zA muxbiri bilan suhbatda Amudaryo ustida qurilgan ko‘prikni porlatish buyrug‘ini nega bajarmaganini gapirib berdi.

Islom Karimov huzuriga chaqirib, Amudaryo ustiga qurilgan ko‘prik ustida bo‘layotgan ayanchli vaziyatni qisqacha tushuntirdi-da, maxsus tuzilgan komissiyaga rahbar etib tayinlanganimni, hoziroq voqea yuz bergan joyga yetib borib, ko‘prikni egallab olgan afg‘onistonliklardan tozalashimni va uni darhol portlatib yuborishimni qattiq tayinladilar.

Bu payt men O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlar edim. Rostini aytsam, o‘sha paytda ko‘prik ustidagi vaziyat haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan holatimda bunday muhim topshiriqni menga ishonib topshirgani uchun xursand bo‘ldim. Axir ne-ne generallar, vazirlar va boshqa yuqori lavozimli shaxslar bor edi-da.

Komissiyaga kimlar kiritilganini bilgach, “bajaraman!” deya yo‘lga tushdim. Ko‘prik to‘g‘risida ancha ma’lumotga ega edim. U sobiq Sovet ittifoqining O‘rta Osiyodagi eng katta va qurilishi salkam to‘rt yil davom etgan ulkan inshootlardan biri edi. 1970 yillarda qurilishi boshlangan bo‘lsa, 1974 yilga kelib foydalanishga topshirilgan.

Mazkur ko‘prik orqali nafaqat qo‘shni respublikalarning, balki butun Yevropa mamlakatlarining Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatiladigan insonparvarlik yordamlari: oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechaklar ortilgan transport vositalari o‘ta boshlagan edi.

Shuning uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim ob’yekt sanalardi. Bizning askarlar tomonidan jiddiy qo‘riqlanardi. Boisi, afg‘on yurtida fuqarolik urushlari to‘xtamagan, har-xil guruhlar, to‘dalar paydo bo‘lib, hokimiyat uchun kurash olib borar, buning oqibatida oddiy odamlar jabr-sitam ko‘rardi.

Birinchi xavf jangarilar bo‘lsa, ikkinchi xatar og‘u edi. Prezidentning tashvishini to‘g‘ri anglaganday bo‘ldim, ammo voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelganimda, vaziyat men o‘ylagandan ko‘ra ming chandon og‘irroq ekan.

Ko‘prik usti afg‘onistonlik xotin-xalajlar, erkaklar, chol-kampirlar, bola-chaqalar bilan batamom to‘la edi. Ko‘prik ortida ham tumonat odam. Chamamda ularning soni uch-to‘rt ming atrofida edi.

Shunda xayolimga ularning kattasi bilan gaplashish kerak degan fikr keldi. Qayerdan jasorat paydo bo‘ldi bilmadim, ammo tavakkal qildim. Bu harakatimdan qaytarganlar ham bo‘ldi, lekin maqsadimdan qaytmadim. Harbiy bo‘lmasam-da, o‘zimni komandirlarcha tutishga harakat qildim. Yarim soat ichida ko‘prikdan yetti kilometr nari ketishmasa, handaqdagi to‘p va minomyotlarda o‘qqa tutib, qirib tashlashimizni aytdim. Shunday vakolatga ega ekanligimni tushuntirdim. Kimdir mening jussamga qarab tirjayib qo‘ydi. Kimdir Napoleonga o‘xshatib, jiddiy tortdi.

Eslatib o‘tamiz, 1990 yillarda davlat agrosanoatini boshqargan, 1994-1998 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan, 2000-2004 yillarda esa O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.