Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Istanbul universiteti rektori: "Istanbul va Samarqand davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun harakat qildik"

Turkiy va islomiy madaniyatning eng qadimiy beshiklaridan bo‘lgan Samarqandga qilgan safarimiz Istanbul hamda Samarqand universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muhim qadam bo‘ldi. 

Bu qutlug‘ ta’lim dargohiga taklif etgani uchun Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodovga chin ko‘ngildan minnatdorlik bildiraman.

Turkiyaning qadimiy ildizlarga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurti Istanbul universiteti san’at sohasidan siyosiy fanlargacha, tabiiy fanlardan ilohiyot bilimlarigacha bo‘lgan ko‘p tarmoqli ta’lim dasturlariga ega bo‘lgan dargoh bo‘lib, u mamlakatning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida va ilm-fan rivojida oldingi saflarda bo‘lib kelmoqda.

Istanbul universitetining bitiruvchilaridan ikki nafari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgani ham shundan dalolat beradi. 

“Tarixdan kelajakka qurilgan ko‘prik” shiori bilan harakat qiluvchi universitetimizning Boyazid maydonidagi muhtasham darvozasi yurtimizdagi universitet tushunchasining ramziga aylangandir.

Jahon tarixida muhim o‘rin tutuvchi ¬Istanbul shahrining fathi (1453) faqatgina Usmonli saltanatining siyosiy hayotida emas, balki ta’lim tarixi nuqtai nazaridan ham yangi bir boshlang‘ichdir. Sulton Mehmed Fotih shaharni olganidan keyin darhol uni bir ilm-fan markaziga aylantirish va shaharning turli qismlarida ilm-fan va ibodat markazlarini barpo etish vazifasini qo‘yadi. Ana shunday odimlardan biri Ayasofiya masjidining yonidagi monastir binolarini madrasaga aylantirilishi va ularda o‘z davrining eng yuksak standartlari darajasida ta’lim berilishiga erishilgani bo‘ldi. 

Ushbu madrasaga mashhur o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchining mudarris etib tayinlanishi nafaqat bugungi O‘zbekiston bilan ilmiy aloqalarning o‘rnatilishi, balki universitetimizda ilmiy an’analarning shakllanishida ham muhim o‘rin tutadi.

Istanbul fathi bilan o‘z tarixini boshlagan Istanbul universiteti har doim bo‘lib kelganidek, bugungi kunda ham eng ilg‘or va yetakchi ta’lim dargohi bo‘lish missiyasini bajarib kelmoqda. Universitetimizning Istanbul shahrining turli qismlariga yoyilgan 16 fakulteti, 12 ilmiy-tadqiqot instituti, ikki oliy maktabi, ikki kasb-hunar oliy maktabi, 2 bo‘limi va 77 tadqiqot markazi mavjuddir.

Bu tarkibiy bo‘linmalarda 90 ming talaba ta’lim oladi. Sirtqi ta’lim va masofaviy ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotganlar bilan universitetimizda jami 419 ming talaba bor. Ulardan 8200 nafari chet elliklardir. Istanbul universiteti jami 720 xalqaro hamkorlik shartnomalariga ega bo‘lib, Erasmus, Mavlono, Farobiy talaba va o‘qituvchi ayriboshlash dasturlari doirasida ular bilan ta’limiy hamkorlikni amalga oshirmoqda. Bu shartnomalar dunyoning barcha o‘lkalaridagi oliy o‘quv yurtlarini qamrab olsa-da, shuni alohida ta’kidlashni xohlardimki, azaliy qardoshlik aloqalarimiz bo‘lgan turkiy davlatlardagi universitetlar bilan ilmiy-ta’limiy aloqalarni rivojlantirishni Istanbul universitetining birinchi darajali vazifasi etib belgilaganmiz.

Mamlakatning muhim ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lgan universitetimizning eng dolzarb vazifalaridan biri zamonaviy bilim va texnologiyalar sohasida ham peshqadam bo‘lishdir. Bu maqsadga erishish uchun dunyoning turli mintaqalaridagi ilg‘or ilmiy-tadqiqot markazlari bilan aloqalar o‘rnatish va yaqin ilmiy hamkorlikni amalga oshirishga alohida e’tibor berib kelmoqdamiz. Samarqand davlat universiteti ana shunday ilm-fan va ta’lim markazlaridan biridir.

Istanbul universiteti bilan Samarqand davlat universiteti o‘rtasida o‘tgan yillar davomida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun harakat qildik, 2019 yil aprel oyida shartnoma imzoladik. Bu akademik, ilmiy va madaniy hamkorlik shartnomasi doirasida amalga oshiriladigan muhim ishlarimizni muhokama qilish va amaliy odimlarni otish uchun 26 sentyabr oyida Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdik.

Samarqand davlat universitetiga tashrifimiz chog‘ida universitetlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni 2020 yildan boshlab quyidagi to‘rt yo‘nalishda amalga oshirishga qaror qildik. Birinchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va taklifi bilan tashkil etilgan SamDUning Xalqaro ta’lim markazida “Til markazi” tashkil qilish va unda Istanbul universitetining bu boradagi boy tajribasidan unumli foydalanish, turkcha va inglizcha darslarni xalqaro sertifikat berish darajasida olib boradigan professor-o‘qituvchilarni Istanbul universitetidan yuborib, bu ish oyoqqa turguniga qadar ularning xizmati va tajribasidan foydalanish.

Keyingi maqsadimiz 2020 yilda Samarqand universiteti bilan birgalikda “Tarixda va bugungi kunda turkiy respublikalarda ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zaro aloqa va o‘zaro ta’sir” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etish hamda butun turk yurtlaridan, turkiy dunyodan keladigan olimlar bilan bu xususda chuqur ilmiy muloqot va muhokamalar uyushtirishdan iborat. 

Boshqa bir xusus, farmakologiya, aniqrog‘i, shifoli o‘simliklardan tabiiy dorilar ishlab chiqarish texnologiyasi bo‘yicha SamDU bilan qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yishni boshlashdir. Bu yurtingizdagi minglab dorivor o‘simliklardan tabiiy, zararsiz dorilarni ishlab chiqarishga xizmat qiladigan texnologiya va mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. 

Hamkorligimizning to‘rtinchi sohasi ikki universitet o‘rtasida talaba va professor-o‘qituvchilarni ayriboshlashni yo‘lga qo‘yishdir. Bu ish talabalarimiz va o‘qituvchilarimiz o‘rtasida ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan birga insoniy va qardoshlik rishtalarimizni ham mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umid qilamizki, Samarqand davlat universitetiga qilgan ziyoratimiz universitetlarimiz o‘rtasida imzolangan shartnomani amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam hamda kelgusida amalga oshiriladigan hamkorligimiz nuqtai nazaridan yo‘l xaritasi hamdir.

Professor Mahmut AK,

Istanbul universiteti rektori.

O‘zA.