Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Istirohat bog‘i qurilishi 2021 yilga rejalashtirildi. Bu va’dami yoki?..

Bu muammo haqida gazetamizda roppa-rosa bir yil avval bong urgandik. “Zarafshon”ning 2019 yil 1 avgustdagi 97-sonida “Samarqand tumani aholisi qayerda dam oladi?” sarlavhali maqola chop etilgan edi. Unda tumanda istirohat bog‘i yo‘qligi, mas’ul idoralarning e’tiborsizligi tufayli 2018 yilda ajratilgan yer maydonida hamon qurilish ishlari olib borilmaganligi haqida yozgan edik.

Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda ham Samarqand va Nurobod tumanlarida madaniyat va istirohat bog‘i qurilmagani aniqlandi, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar “Yo‘l xaritasi”da belgilandi. Xo‘sh, tumanda istirohat bog‘i nega qurilmayapti? Biz Samarqand tumanida bo‘lib, bu savolga javob izladik.

Yer maydoni bor, ammo...

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 dekabrdagi “2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorida madaniyat va istirohat bog‘larini aholining madaniy dam olishi uchun qulay va ko‘rkam joylarda joylashtirish, bog‘ning kamida 50 foiz maydoni sathida ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, attraksionlar va ko‘ngilochar o‘yinlar qurilmalari o‘rnatish belgilangan.

Tuman madaniyat bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, hududda 2015 yilda ishlar boshlangan. Istirohat bog‘i uchun joy ajratilib, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlariga kirishilgan, hatto bitta attraksion ham mavjud. Ammo 2018 yil 7 iyulda tuman hokimining “Samarqand tumani mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yangiariq agrotexservis” agrofirmasi hududidan madaniyat va istirohat bog‘i qurish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, agrofirmaning 312-konturidan 5 gektar yer maydoni ajratildi. Istirohat bog‘i agrofirma hududiga ko‘chirilgach, bu yerdagi qurilish ishlari to‘xtatildi.

- 2015 yilda qurilishi boshlangan istirohat bog‘ining yer maydoni kichik bo‘lganligi uchun 2018 yilda tuman hokimining qarori bilan boshqa joyga ko‘chirildi, - deydi tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Jumayev. - Istirohat bog‘ini qurish uchun mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag‘ 4-kategoriyaga to‘g‘ri kelganligi uchun hozircha mablag‘ ajratilmagan. Shu bilan birga Gulobod qo‘rg‘oni viloyat markazi bo‘lishi rejalashtirilgan. 5 gektar yerda qurilishi belgilangan istirohat bog‘i Gulobod qo‘rg‘onining bosh rejasi tasdiqlanmaguncha qurilish ishlariga ruxsat berilmaydi. Madaniyat va istirohat bog‘i 2021 yilda qurilishi rejalashtirildi.

Telefon orqali qisqa suhbatimizdan shuni angladikki, Samarqand tumani aholisining yaqin yillarda istirohat bog‘ida dam olishi ehtimoli juda kam. Vaholanki, uch yildan buyon mahalliy byudjetdan mab­lag‘ ajratilishi kutilayotgan istirohat bog‘ining yozgi ayvonlar, sport maydonlari, turli to‘garak­lar uchun binolar, avtoturargoh, favvora, bolalar o‘yingohi kabi zamon talab­lariga mos ravishda loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda mazkur yer tekislanib, qurilish ishlariga tayyorlab qo‘yilgan. Prezidentimizning 2018 yil 1 avgustdagi “Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra istirohat bog‘ini tadbirkorlar ko‘magida qurish imkoniyati ham bor. Eski istirohat bog‘iga vaqtincha tashabbuskor tadbirkorlarni jalb etish ham mumkin. Ammo bunga e’tibor va shijoatli tadbirkorlar yo‘q. To‘g‘ri, tuman madaniyat bo‘limi va tuman hokimligi mas’ullarining so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yi­cha tashabbuskor tadbirkorning takliflari ko‘rib chiqilyapti. Ammo tadbirkorlarning aksariyati ko‘proq o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yayotgan holatlar kuzatilyapti.

Biz Samarqand tumanidagi istirohat bog‘ining nega o‘z vaqtida qurilmaganiga mutasaddilardan aytarlik javob ololmadik. Lekin farzandlarini yozning jazirama kunlari salqin, bahavo joyda dam olishini istaydigan ota-onalar, attraksionlarda miriqib uchishni xohlovchi bolalar bor. Ularning orzulari qachon ushalishi noma’lum. Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da tuman hokimligi va viloyat madaniyat bosh­qarmasi tadbirkorlik sub’yektlarini jalb etgan holda, madaniyat va istirohat bog‘ini 2020 yil 1 noyabrgacha foydalanishga topshirishi belgilangan. To‘g‘ri, hali vaqt bor. Ammo yuqoridagi vajlar, qolaversa hokim o‘rinbosarining so‘zlaridan kelib chiqib, necha yillardan beri qurilishi qog‘ozda qolib ketayotgan istirohat bog‘i yana qog‘ozda qolib ketadimi, deya o‘ylab qoldik.

Nurobodda istirohat bog‘i yo‘q

Yashirib nima qildik, Nurobod tumani aholisi ham farzandlarini yilda bir yoki ikki bor Samarqand shahridagi istirohat bog‘lariga olib keladi. Bunga bir kun vaqt hamda mo‘maygina pul sarflanadi. Tuman madaniyat bo‘limi rahbari Elmurod O‘sarovning aytishicha, tuman markazidan istirohat bog‘i qurilishi uchun yer ajratilgan. Ammo hozirda bu yerda 18-son bolalar musiqa va san’at maktabi, yoshlar ittifoqi tuman kengashi binosi, Nuroniylar markazi qurilgan. Qolgan 1,4 gektar bo‘sh turgan maydonda madaniyat va istirohat bog‘i qurish uchun taklif bilan tuman hokimiga murojaat qilingan.

Nurobod tumanida, hatto istirohat bog‘ining yeri ham yo‘qligi mutasaddi tashkilotlarning e’tiborsizligi natijasi emasmi? Nurobodliklarga madaniy dam olish, bayramlarni nishonlash uchun ko‘rkam, manzarali joy kerak emasmi?

Tashabbuskor yoshlar har bir tumanga kerak

Viloyat madaniyat boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda viloyatimizda 16 ta madaniyat va istirohat bog‘i bor. Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Payariq, Paxtachi, Jomboy tumanlarida madaniyat va istirohat bog‘larida obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Ammo attraksionlari yo‘q. Yuqorida aytilganidek, Samarqand tumani va Nurobod tumanlarida bog‘larning o‘zi yo‘q. Qolgan tumanlarda istirohat bog‘lari faoliyat yuritmoqda.

- Istirohat bog‘iga odamlar nima uchun boradi, u yerdagi go‘zal manzaradan, ekologik muhitdan zavqlanish, farzandlarining dam olishini mazmunli tashkil etish, oilaviy hordiq chiqarish uchun, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i X.Muxammadiyev. – Bugun istirohat bog‘larimizning aksariyatida aholining madaniy dam olishi uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan. Attraksionlarning 60-70 foizi eskirgan. Ularni boshqarayotgan xodimlar ham tegishli mutaxassislikka ega emas. Ayrim tumanlarda esa istirohat bog‘lari attraksionlardan xoli. Yaqinda oldimga Oqdaryo tumanidagi tadbirkorlardan biri istirohat bog‘i qurish loyihasini olib keldi. Uning aytishicha, farzandlarining dam olishi uchun tumanda biror maskan yo‘q ekan. O‘ylab ko‘rib, tumandagi bolajonlar uchun istirohat bog‘ida turli attraksionlar, o‘yin maydonlari qurish loyihasini ishlab chiqqan. Qorasuv massividan ham bir tashabbuskor yosh qizimiz 2 gektar maydonda istirohat bog‘i qurish taklifini bildirdi. Agar bu maskanda asosan yosh oilalar yashashini hisobga olsak, bu kabi maskanlar ham daromad, ham xalqqa foyda keltiradi. Mana shunday yosh, shijoatli, qalbida Vatanga muhabbati bor tadbirkorlarimiz har bir tumanga kerak.

Prezidentimizning 2018 yil 1 avgustdagi “Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2020 yilda Past Darg‘om, Oqdaryo tumanlari, Samarqand shahridagi Farhod shaharchasida xususiy tadbirkorlar tomonidan ko‘ngilochar joylar, o‘yin maydonlari qurish rejalashtirilgan.

Ha, aslida e’tiborimizdan chetga qolayotgan madaniyat va istirohat bog‘lari aholi uchun kerakli maskan. Ularni ko‘paytirish, yangi g‘oyalar, yangi loyihalar bilan boyitish lozim. Bunda madaniyat bo‘limlarining takliflari asosida tashabbuskor tadbirkorlarning faolligi, tuman hokimliklarining qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.

Nasiba Jonto‘rayeva,

"Zarafshon" muxbiri.