Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish – davr talabi

Joriy yilning 9 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” farmon qabul qilindi.

Unda jamiyatda yashayotgan har bir inson huquq va erkinliklariga hamda uning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga o‘zaro hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini yanada oshirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligi qayd etib o‘tilgan.

Ta’kidlanganidek, avvalo huquqiy madaniyatni yuksaltirishda joylarda huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmasdan, uzoq yillar davomida bu masalalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ayrim davlat organlarining ishi sifatida qarab kelindi. Bunda asosan oila, mahalla va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining ishtiroki yetarlicha ta’minlanmadi.

Shu sababli farmonda yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otishga alohida e’tibor qaratish zarurligi belgilandi.

Bundan tashqari, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish uchun yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatish, aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha

huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni xalqimiz tarixi, dini, milliy qadriyatlarini o‘rgatish bilan uyg‘un holda tashkil qilish, shuningdek, har bir fuqaroda davlat ramzlari bilan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirish orqali mamlakatga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirish kabi vazifalar belgilab berildi.

Yana bir muhim jihat maktabgacha ta’lim muassasalarida “Bola huquqlari va majburiyatlari” mavzusidagi mashg‘ulotlarni yuksak malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘rgazmali tarzda tizimli joriy etish zarurligi qayd etildi.

Hozir yurtimizda barcha jabhalarda tub o‘zgarishlar yuz berayotgan mas’uliyatli pallada huquqiy tarbiya¬ning barcha shakl va usullaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etishini yoddan chiqarmasligimiz lozim. Bunda jamiyat yashayotgan har bir shaxsning umumiy kasbiy madaniyati, siyosiy, axloqiy salohiyati inobatga olinsa, ko‘zlangan natijaga erishish oson kechadi.

  Baxodir QARSHIYEV,

Samarqand viloyati hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.