Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jamoatchilik nazorati maskani ham kuzatiladi

Viloyatimizdagi 330 mahallada tashkil etilgan “Jamoatchilik nazorati maskani”da xizmat olib borayotgan ko‘ngilli, fidoyi yoshlar tomonidan yil boshidan buyon 50 dan ortiq jinoyatning oldi olindi, 1000 dan ortiq huquqbuzarliklar aniqlandi.

– Jamoatchilik nazorati maskanlari – jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlashda o‘ziga xos tayanch bo‘lmoqda, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i R.Rahimov. – Ayniqsa, Samarqand shahrida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini amalga oshirish jarayonida ushbu maskanlar faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda shaharda mavjud 92 ta jamoatchilik nazorati maskanlarining 23 tasida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan bo‘lib, mahalla hududdagi ob’yektlar kuzatib turadi.

Jumladan, Samarqand shahrining Nafosat mahallasida o‘rnatilgan jamoatchilik nazorati maskanidagi kuzatuv kameralari  orqali 3 ta ko‘cha, 1 ta restoran, 1 ta avtoturargoh va atrofdagi boshqa ob’yektlarni ko‘rib turish mumkin. O‘z navbatida jamoatchilik nazorat maskanlari faoliyatini kuzatish maqsadida bino ichiga ham kamera o‘rnatildi. Bu videokuzatuv kameralari viloyat ichki ishlar boshqarmasining situatsion markaziga ulangan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib boriladi.

Ushbu tizim afzalligi tufayli viloyat hokimligi Samarqand shahrida yana 50 ta namunaviy, videokuzatuv va boshqa texnik vositalari bilan jihozlangan jamoatchilik nazorati maskanlari tashkil etishga qaror qildi.