Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jasliqda YTH oqibatida 2 ta yuk mashinasi yonib ketdi, bir haydovchi vafot etdi

2020 yilning 23 iyul kuni soat 18:05da haydovchi, 26 yoshli Sh.S. o‘z boshqaruvidagi “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Jasliq posyolka fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 1009-1010-kilometrlari oralig‘ida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, ushbu yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketib, ushbu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Ukraina fuqarosi, 32 yoshli I.S.ning boshqaruvida bo‘lgan “Volvo” rusumli yuk avtomashinasining chap yon tomoniga borib urilgan.

Shundan so‘ng u ushbu yuk avtomashinadan keyin harakatlanib kelayotgan Ukraina fuqarosi, 29 yoshli Yu.K.ning boshqaruvida bo‘lgan “Volvo” rusumli yuk avtomashinasining oldi tomoniga urilib yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Oqibatda “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi Sh.S. hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida “DAF FT XF 105” rusumli yuk avtomashinasi hamda Yu.K. boshqaruvidagi “Volvo” rusumli yuk avtomashinalarida yong‘in kelib chiqib, har ikkala yuk avtomashinasi butunlay yonib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.