Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jinoyatning yashirin ishtirokchisiga ham jazo tayinlandi

Sizga aytmoqchi bo‘lgan quyidagi voqea Sharqning bir hikmatini yodga soladi: “Dushmanlaringdan qo‘rqma – nari borsa, ular seni o‘ldirishlari mumkin. Do‘stlaringdan qo‘rqma – nari borsa, ular senga sotqinlik qilishlari mumkin. Befarqlardan qo‘rq – ular o‘ldirmaydi, sotmaydi, biroq ularning sukut va roziligi bilan dunyoda sotqinlik va qotillik yuz beradi”.

Donishmand haq gapni aytgan. Befarqlik oqibatida yuz bergan bu mudhish voqea haqida siz ham eshitgandirsiz? Keling, boshidan boshlaymiz.

2018 yil dekabr oyining boshlari. Muxtor hovlisida kundalik ishlari bilan band edi. Shu payt hamqishlog‘i G‘olib chaqirib qoldi. Salom-alikdan so‘ng G‘olib unga “Qachongacha shunday qiynalib yurasan, tirikchiligingning tayini yo‘q, mo‘may pul topging kelmaydimi?”, deb o‘zini unga achingandek ko‘rsatdi. Uning bunday deyishiga sabab bor edi. Muxtorning moliyaviy ahvoli og‘ir, tomorqasida 30 tup atrofida toki bo‘lib, boshqa ortiqcha yer-joyi yo‘qligidan uch-to‘rt so‘m topish uchun mardikorlik qilardi.

Muxtor hamqishlog‘ining gaplarini tinglab kayfiyati tushkun bo‘lib qoldi. G‘olib esa aytgan gaplari unga ta’sir qilganidan foydalanib, darrov maqsadga o‘tdi. “Bir ish bor, rozi bo‘lsang” deya Muxtorga ayyorona ko‘z qirini tashladi. Uni jon qulog‘i bilan tinglayotganini sezgach gapida davom etdi: “Abdurashidning bir-ikki sandiq, taxminan 200-300 million so‘m puli bor. Bu pulga egalik qilishning birdan bir yo‘li ularni o‘ldirib, pullarini olish”, dedi u.

Muxtorning sarosimalanib qolganini ko‘rib, uni tinchlantirdi:

- Sen faqat uning itini “tinchitsang” bo‘ldi. Qolganini o‘zimiz bir-ikkita sheriklar bilan bitiramiz.

Qiyin ish emas ekan-ku, deb o‘yladi Muxtor. Qaytanga sharoitimni ham to‘g‘rilab olaman, bunday qiynalib yurmayman.

- Faqat itni tinchitish bo‘lsa, mayli, - dedi u G‘olibga. - Ammo boshqasiga men aralashmayman.

G‘olib uning rozi bo‘lganini sezdi-yu rejaning keyingi qismiga o‘tdi:

- Oldingga sheriklarim keladi, biror joyda uchrashib hammasini kelishib olamiz.

Oradan biroz vaqt o‘tib unga uchrashishi kerakligini aytgach, G‘olibning jiyanlari Jahongir va Shamsiddin to‘rtalasi qishloqdagi soylikda uchrashdi. O‘sha kuni ular barchasini rejalashtirib, uni amalga oshirish uchun bir kunni belgilab olishdi.

Ular keyinchalik ham bir-ikki qo‘ng‘iroq qilib, uchrashishi kerakligini aytdi. Bir necha marta Muxtorni uyiga ham izlab keldi. Bu vaqt oralig‘ida Muxtor o‘z ishlari bilan band edi. U G‘olib bilan gaplashgan “ish”larining oqibati haqida o‘yladi. Bu xato ish ekanligini tushunib, ulardan o‘zini olib qochib yurdi.

Fevral oyining o‘rtalarida qishloqda ta’ziya bo‘lib qoldi. Dafn marosimida qatnashib, qabristondan chiqayotganida G‘olib uni chetga tortib, shivirladi: “Gaplashib olishimiz kerak”. Ular yana qabristonning ichkariroq joyiga qaytdi. Bu yerda ularni soylikda uchrashgan sheriklari ham kutib turardi. Suhbat davomida Muxtor o‘shanda o‘ylamay va’da berib qo‘yganini, bu ishga bosh qo‘shmasligini aytdi. Ular Muxtorni o‘zlariga og‘dirib olish maqsadida shoshilmaslikka, yana bir kunni belgilab, yaxshilab gaplashib olishini aytishdi. Ammo Muxtor o‘z fikrida qat’iy turib oldi: “Bu ishga qo‘shilmayman”.

- Bo‘lmasa tinch yur, biron kishiga og‘zingdan gullab qo‘yma, agar biron gap chiqsa, yaxshi bo‘lmaydi, - dedi Muxtorni endi ko‘ndirib bo‘lmasligini tushungan G‘olib. Ammo unga tiliga mahkam bo‘lishi lozimligini qattiq uqtirdi. Muxtor ham bunga rozi bo‘ldi. Sababi u bu paytda “o‘yin”dan chiqsa bo‘ldi edi.

G‘olib uni gapirmaslikka ko‘ndirgan bo‘lsa-da, uning sheriklari Muxtordan shubhalandi va G‘olibni qistovga oldi: “Muxtor bizni sotib qo‘ymaydimi?”. G‘olib ularni tanchlantirdi: “Biz “ish”ni belgilangan kundan keyinga qoldirsak, bu voqea Muxtorning ham esidan chiqib ketadi”. Sheriklari uning bu gapidan so‘ng xotirjam bo‘ldi.

Hamtovoqlar ishlarini o‘zlari rejalashtirganday Muxtor bilan kelishgan kunda emas, keyinroq amalga oshirdi. 2019 yil 15 may kuni Qo‘shrabot tumani Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘ini, Boqichig‘atoy qishlog‘i, Oltinmaydon fermer xo‘jaligi hududida “Damas”ning salonidan Abdurashid Xolbayev va uning oila a’zolari jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. Bu voqea barchaning qalbini larzaga keltirdi.

Muxtor ham jabrdiydalarning dafn marosimlarida qatnashdi. Bu ishni tanishlari qilganini bilsa-da, vijdon amriga emas, “eski” tanishlariga bergan va’dasini o‘ylab hech kimga, na biror hamqishlog‘iga, na huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarga og‘iz ochmadi. Unga bir oilaning fojiali taqdiri muhim emasdi go‘yo. O‘zining bu ishlardan chetda qolganidan xotirjam bo‘lib, mum tishlab yuraverdi. Tushunmasdiki, u ham aybsiz aybdorga aylangan edi. Aslida butun bir oilaning hayotini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan holatda u hech bo‘lmaganda jinoyatni ochishda, aybdorlarni topishda ham yagona guvoh sifatida o‘zini befarq tutdi.

Bu mudhish qotillikning aybdorlari topilib, ularga tegishli jazo tayinlandi. Muxtorning qilmishi ham ko‘p o‘tmay fosh bo‘ldi. Sud voyaga yetmagan ikki farzandi va og‘ir sharoitini inobatga olib, unga ikki yilu olti oy ozodlikni cheklash jazosini qo‘llashga hukm qildi.

Ilhom XAMIDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.