Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboy tumanida obod bo‘layotgan qishloqlar

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 29 martdagi farmoniga muvofiq “Obod qishloq” davlat dasturi qabul qilingan edi. Natijada yuzlab mahalla va qishloqlar zamonaviy qiyofa kasb etdi. Bu haqda “Jomboy tongi” xabar bermoqda.

Dastur ijrosi Jomboy tumanida ham jadallik bilan olib borilmoqda. O‘tgan yili Qo‘ng‘irot va No‘sh mahallalarida obodonchilik, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, ayni paytda bunyodkorlik maydoni Katta qishloq, Eski Jomboy va Beshbola mahallalariga ko‘chgan. Mustaqilligimizning 28 yillik bayrami arafasida bir qator ijtimoiy soha ob’yektlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

Tuman hokimi H.To‘ychiyev hududlarda olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishish, qolaversa, aholi kayfiyatini o‘rganish maqsadida ushbu mahallalarda bo‘ldi.

Katta qishloq mahallasi birinchi sektor hududida joylashgan. O‘zbek trakti yoqasida ekani ham amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining ahamiyatini oshiradi. Binobarin, 3,8 kilometr asfalt, 2 kilometrga shag‘al qoplamali yo‘l yotqizilishi, shuningdek 3 kilometrli piyodalar yo‘lagini qurish rejalashtirilgandi. Ayni paytda asfaltlash ishlari davom etmoqda. Toshyo‘l qurish esa 120 foizga bajarildi. Piyodalar yo‘lagi qurilishi ham yakunlanib qoldi. Ayni paytda 73 foizga bajarilgan. Bundan tashqari, 60 dona tungi ko‘cha yoritish ustunlari va bitta avtoshohbekat qurish rejasi to‘liq bajarildi.

Mahalla hududida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash biroz muammoli. Shu jihatni inobatga olib, eski suv inshootini rekonstruksiya qilishga kelishilgan. O‘rganilganda pudratchi tashkilot ishini yakunlab qolgani aniqlandi. Bir hafta ichida mahallada istiqomat qiluvchi aholining asosiy qismi toza ichimlik bilan ta’minlanadi. Buning uchun 2 kilometrga suv quvuri tortildi.

Elektr energiyasi yetkazib berish borasidagi ishlar sifatli amalga oshirilyapti. Tarmoqlar va tayanch ustunlari, simyog‘ochlar o‘rnatish o‘rtacha 88 foizga bajarildi. Qo‘shimcha 1 ta yangi transformator o‘rnatilib, avvaldan mavjud 2 tasi ta’mirlandi.

Ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va ta’mirlash ishini ham qoniqarli baholash mumkin. 3-umumta’lim maktabi binosini joriy ta’mirlash, 7 ta bozor-savdo infratuzilma ob’yektlarini barpo etish to‘liq yakuniga yetkazilgan.

Eski Jomboy mahallasi tumanning ilk markazi bo‘lgan. Ammo yillar o‘tishi bilan hududda anchagina muammolar yig‘ilib qolgani haqiqat. “Obod qishloq” dasturiga kiritilgach, birinchi navbatda irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlashga asosiy e’tibor qaratildi. Ayni paytda reja 80 foizga bajarildi. Shuningdek, 3,5 kilometr asfalt, 7 kilometr shag‘al, 2 kilometr piyodalar yo‘lagi qurilishi hamda elektr tarmoqlarini ta’mirlash (6,8 kilometr) o‘z nihoyasiga yetkazildi. Ayni paytda hududga jamoat transporti qatnovini yo‘lga qo‘yish (avtobus xarid qilish), yangi suv inshootini qurish va bitta transformator o‘rnatish borasida ishlar oqsamoqda. O‘rganish davomida mutasaddilarga kamchiliklar yuzasidan aniq chora-tadbir ko‘rish, qisqa fursatda bartaraf etish va loyihani to‘liq amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Beshbola mahallasi ham joriy yilda “Obod qishloq” dasturi asosida qayta qurilmoqda. Umumiy ko‘rsatkich 80 foizdan kam emas. Piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash 150, toza ichimlik suvi va elektr tarmoqlarini qurish 100, yakka tartibdagi uy-joylarning joriy holatini yaxshilash 89 foizga bajarilgan. Shuningdek, 3 ta ijtimoiy soha ob’yektlari, 6 ta bozor infratuzilmasi barpo etish yakuniga yetdi. Asosiy kamchilik ustunlarga elektr kabeli tortish va avtobekatlar qurish bo‘lib turibdi. Tez kunda bu borada ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Tadbir davomida Beshbola mahallasi faollari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Aholining taklif va tashabbuslari eshitildi. O‘rganish bo‘yicha tegishli soha mutasaddilari, tuman hokimi o‘rinbosarlariga topshiriqlar berildi.