Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboyda sobiq mahalla raisi ehtiyojmand oilalarga ajratilgan yordam pullarni talon-toroj qilgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jomboy tumani, Xitoypoyon mahallasining sobiq raisi Q.B. tomonidan yo‘llangan murojaat tarqalmoqda. Unda aytilishicha, murojaat qiluvchi 2019 yilda ushbu mahalla raisligiga 73 foiz ovoz bilan saylangan. Ammo ikki oy avval ehtiyojmand oilalarga ajratilgan moddiy yordam pullarini talon-toroj qilganlikda ayblanib, ishdan bo‘shatilgan. Q.B. tuhmatga qolgani, natijada obro‘yiga putur yetgani, oilasi parokanda bo‘layotganini aytib o‘tgan.

Ushbu murojaat Jomboy tumani hokimligi tomonidan o‘rganildi.

Ta’kidlanishicha, nazarda tutilayotgan pul mablag‘lari Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 iyuldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoyishi asosida tarqatilgan. Hududlarda ushbu toifaga mansub oilalar ro‘yxatini shakllantirish mahalla fuqarolar yig‘ini zimmasiga yuklatilgan.

Ma’lumot uchun, Jomboy tumanida 38 ta mahalla mavjud. Dastlabki bosqichda mahalla raislari tasdiqlab bergan ro‘yxatlarga 1865 ta ehtiyojmand oila kiritilgan.

Ammo maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda bir martalik moddiy yordam olishga haqli oilalar ro‘yxatini tuzishda qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Jumladan, Xitoypoyon hududi bo‘yicha mahalla raisi taqdim etgan qaydnomada fuqarolar K.Yu. hamda A.T., shuningdek, M.A. va N.M. alohida-alohida kambag‘al oilalar sifatida ko‘rsatilgan. O‘rganish davomida ular aslida bir oila ekani oydinlashgan. Bundan tashqari, iqtisodiy holati barqaror, uy-joyi va yashash sharoiti yaxshi ta’minlangan A.A., M.R., Z.B. oilasi asossiz ravishda ro‘yxatga kiritilgani, ayrim fuqarolarning ism-sharifi ro‘yxatga ikki marta qayd etilgani aniqlangan. Natijada moddiy yordamga muhtoj fuqarolar soni 15 nafarga ko‘paytirib ko‘rsatilgan. Vaholanki, ushbu mahallada haqiqatda muhtoj bo‘lgan H.J. va J.A. oilasi istiqomat qilsa-da, moddiy yordam oluvchilar ro‘yxatga kiritilmagan.

Ishchi guruh ma’lumoti asosida tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshirish o‘tkazgan. Natijasi bo‘yicha qonun talablarining buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga taqdimnoma kiritgan.

Xitoypoyon mahallasi raisi Q.B.ning vakolatlari vakillar yig‘ilishining 2020 yil 15 avgustdagi 2-sonli qarori bilan muddatidan avval tugatilgan.