Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jon Kerri: BMT 70 yil avval Nyu-Yorkda emas, bir necha yuz yillar avval Samarqandda tashkil etilgan

“Biz Birlashgan Millatlar tashkiloti bundan 70 yil avval Nyu-Yorkda tashkil etilgan, deb hisoblaymiz. Yo‘q. Aslida bu hodisa bir necha yuz yil avval Samarqandda yuz bergan…”.

Biz AQShning sobiq davlat kotibi Jon Kerrining bu tarixiy bayonotini o‘tmishimiz haqida haminqadar bilimga ega ekanligimiz borasidagi ma’lumot, deb ham qabul qilsak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Negaki, bu yangilikni AQSh davlat kotibi emas, aslida allaqachon biz isbot qilgan va Jon Kerriga bunday tarixiy imkoniyat qoldirmasligimiz kerak edi. Ming afsuski, o‘tmishimizning bosqinchilar qo‘lida bo‘lib qolgani tariximiz haqidagi eng muhim bunday bayonotni aytishni bizga emas, Jon Kerriga munosib ko‘rdi.

Yevropaliklar biz haqimizda nega bizdan ko‘ra ko‘proq va yaxshiroq biladi, degan savol tariximizga qiziqadigan har qanday vatandoshimizni doimo qiynab keladi. Tabiiyki, bu savolga javoblar turlicha va rang-barang.

Fransuz olimi Lyusen Keren va o‘zbekistonlik huquqshunos Akmal Saidov hammuallifligidagi “Amir Temur va Fransiya” kitobini o‘qir ekanman, yuqoridagi savollarga qisman javob topgandek bo‘ldim. 

Yevropa O‘rta Osiyoga qiziqishining sababi aslida “Ko‘hna qit’a” bilan Yildirim Boyazid munosabatlaridagi taranglik uning kelajagiga soya sola boshlaganidir. Ayni shu davrdan Amir Temur davlatiga Yevropaning qiziqishi nihoyatda ortib, bu borada ma’lumot to‘plash keskin oshgan. Yevropaliklar o‘zlari to‘plagan barcha axborotlarni tahlil va tahrir qilgan holda, arxivlashtirib borgan va Temur davlati haqida ma’lumotlar bazasini yaratgan. Chunki Yildirim Boyazidning Yevropani bosib olishi aniq bo‘lib qolgach, ular faqat Amir Temurni o‘z najotkori sifatida ko‘rgan. Bu paytda Yevropada ahvol juda og‘ir va fitnalar ko‘p edi. Klavixo ham bu borada o‘z kitobida ta’kidlab o‘tadi. Hatto poytaxtida qamalda qolgan Ioann VII Boyazidga Temurni yenggan taqdirda Konstantinopolni unga hadya etishni ham va’da bergani haqida ma’lumotlar bor.

O‘sha davr Yevropa hukmdorlari orasida Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III Sharqqa alohida qiziqish bildirgan. U 1402 yilda Kichik Osiyoga o‘z elchilarini yuborar ekan, ularga “bu olis yurtlar xalqlarining urf-odatlari, xulq-atvori, dinu e’tiqodi, kuch-qudrati va maqsad-muddaolari-yu yetkazadigan manfaatlari to‘g‘risida” ma’lumotlar yig‘ib kelishni buyurgan.

Amir Temurning Yevropa uchun “umid chaqmog‘i” bo‘lgani haqida britaniyalik olim Hilda Hukhem bunday yozadi: “Amir Temur nasroniylik uchun noqulay bir paytda Yevropa ufqida paydo bo‘lgan edi. Buyuk parchalanish lotin cherkoviga putur yetkazgani, o‘lat kasalligining tarqalishi feodal knyazlar o‘rtasidagi nizolar bilan qorishib ketgani, darvozalari oldida Usmoniy turklari turganidan sillasi qurigan Vizantiya saltanati o‘z taqdirining qanday kechishini ojizona itoatkorlik bilan kutayotgan edi.”

Amir Temurning 35 yillik hukmronligi va 27 mamlakatni birlashtirgan ulkan saltanati albatta, Yevropaning unga nisbatan qiziqishini orttirmasdan qo‘ymas edi. Ahamiyatli jihati shundaki, Amir Temur Yevropada to‘plangan ma’lumotlarda buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan homiysi sifatida ta’riflanadi. Aynan mana shu ta’riflar Yevropa qirollarini ham uningdek bo‘lishga ilhomlantirgan bo‘lishi shubhasiz. Bu esa Yevropaning ilm-fan va taraqqiyotda ilg‘orlashishiga sabab bo‘lganiga isbotdir.

Amir Temurning islomiy demokratik davlat bosh­qaruvi ham Yevropa qirolliklariga manba bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Negaki, bunday katta saltanatni demokratik tamoyillarsiz boshqarib bo‘lmasligi aniq edi.

Amir Temur va uning saltanati haqida Klavixo kundaliklaridan oldin ham ma’lumotlar to‘plangan bo‘lsa-da, ammo uning asari Yevropada juda mashhur bo‘lib ketadi. Albatta, buning bir necha sabablari bor. Ulardan biri Klavixo Amir Temurni shaxsan ko‘rgani va esdaliklarni chiroyli tilda bayon etganidir. Bu uning o‘ziga xos izlanishi va tadqiqoti edi. Klavixoning bu kitobi 1582 yildayoq Ispaniyaning Sevilya shahrida Argote de Molina tomonidan nashr qilinadi.

Yana bir ahamiyatli jihati Amir Temurni shaxsan ko‘rib u haqda xotira yozgan tarixchilar soni to‘rtta bo‘lib, ulardan ikkitasi osiyolik va ikkitasi yevropalikdir. Bular –Ibn Arabshoh, Ibn Haldun, arxiyepiskop Ioann va Klavixo. Yana bir yevropalik muallif – Amir Temurning shaxsiy soqchisi bo‘lgan nemis zodagoni Iohann Shilterberger (1380-1440) xotiralari ham Yevropa davlatlarida shuhrat qozonib, 1460 yilda Augsbergda e’lon qilgan. Xususan, xristian dunyosining rahnomolaridan biri, 1458-1464 yillarda Rim papasi bo‘lgan Piy I o‘zi mualliflik qilgan tarixiy asarning butun bir bobini Amir Temurga bag‘ishlagan.

Shuningdek, Rim papasi Piy II, papa Lev va papa Klement VII saroyiga kelgan Jiavo, Ispaniya qiroli Filipp II mulozimi, geograf Orteley, Muqaddas Rim imperatori Karl V ning muarrixi Perdo Mexsiya ham Sohibqiron haqida kitoblar bitgan.

Angliyada esa Amir Temurga oid manbalarni grek, lotin, fransuz, ispan tillaridan tarjima qilishga o‘sha paytdayoq kirishilgan. Paolo Jiavo tadqiqoti 1546 yilda Piter Eshton tomonidan ingliz tiliga o‘girilgani shular jumlasidandir.

Vizantiya tarixchisi Laonik Kalkondil yozgan 14 bobdan iborat “Turklar saltanatining qaror topishi tarixi” asarining birinchi jildi tamoman Sohibqironga bag‘ishlangani ham Temur davlatiga qiziqish va tadqiqot ko‘lami naqadar katta bo‘lganini bildiradi.

Hozirgi kunda Venetsiya arxivlarida Amir Temurga oid hujjatlar saqlanmoqda. Shahar ma’muriyati XIV asr oxiri va XV asrning ilk yillarida Sohibqiron to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumot to‘plagan.

Emmanuil Pilotti 22 yil davomida Misrda yashagan, arab tilini mukammal bilgan, Misr sultoni Farajning yaqin kishisi bo‘lgan. U Amir Temurning Damashq yurishi haqida ma’lumotlar to‘plagan. Bu ma’lumotlar Venetsiya arxivida saqlanadi va haligacha nashr qilinmagan.

Paole Zane esa 1400 yilda Venetsiyaning Damashqdagi konsuli bo‘lgan. Venetsiya senatining topshirig‘i bilan Amir Temur haqida ma’lumotlar to‘plagan. Bu ma’lumotlardan iborat yig‘ma jild ham haligacha Venetsiya arxivida saqlanmoqda va chop etilganicha yo‘q.

Yevropa davlatlarining bir nechtasidan Samarqandga elchilar doim kelib turgan bo‘lsa-da, ammo Samarqanddan Yevropa mamlakatlariga elchi qilib jo‘natilgan kishilar haqida manba deyarli yo‘q. Biroq Temur saltanatining tabiatidan kelib chiqsak, Yevropa va Xitoy haqida ma’lumotlar to‘planmasdan qolmasligi mumkin emas. “Franklar faoliyatining davriy qaydnomasi”da Sultoniya arxiyepiskopi Ioann 1403 yilning may oyida Amir Temurning elchisi sifatida Parijga borgani va Qirol, gersoglar va boshqa ko‘plab shaxslar huzurida tantanali sharoitda o‘z tashrifidan ko‘zlangan maqsadlarni bayon etgani bu fikrni tasdiqlaydi.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, 1402 yilning 28 iyulida Sohibqironning g‘alabasi bilan tugagan jang guvohlari orasida Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III tomonidan Amir Temur huzuriga yuborilgan elchilar – Payo de Soto Mayor va Hernen Sanches de Palasuyelos ham bo‘lgan. Amir Temur ularni qabul qilib, sovg‘a-salomlar bergan va ular bilan birga o‘zining qobiliyatli beklaridan biri Muhammad Keshiyni maktub va sovg‘alar bilan Kastiliyaga elchi qilib jo‘natgan.

Muxtasar qilib aytish mumkinki, Yevropada O‘rta Osiyo haqida ma’lumotlar to‘planishiga Amir Temur va u barpo etgan ulkan saltanat sabab edi. Yevropaliklarning O‘rta Osiyo va dunyo haqida ma’lumot to‘plab, tadqiqot olib borishi va davlat boshqarish borasida Sohibqiron tuzgan davlatdan namuna olganini tarix isbotlamoqda.

Fazliddin MADIYeV.