Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kambag‘al oilalarni "temir daftar"dan o‘chirish faqatgina ular daromad keltiruvchi manbaga ega bo‘lgach amalga oshiriladi

O‘zbekistonda odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emas va kambag‘alligi uzoq yillar «yopiq mavzu» bo‘lib keldi. Lekin davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholining nochor qismiga ko‘mak berish maqsadida kompleks va hududiy dasturlar ishlab chiqildi. Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Lekin karantin cheklovlari tufayli ish o‘rinlari yaratish, xususan, kambag‘allikka qarshi kurashish oson kechmayapti. Shu bois, pandemiyaning ta’sirini yumshatish maqsadida «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur harakat doirasida viloyatimizda 79 ming muhtoj oilaga ko‘mak berilgani nochor oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning ko‘lamini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Umuman, o‘rganishlar davomida, viloyatimizda 47 ming 770 ta kambag‘al oila mavjudligi aniqlangan. Ularning 221 ming 192  nafar a’zosi «temir daftar»ga kiritilgan. Jumladan, Urgut tumanida 6796 ta, Samarqand shahrida 5613 ta, Past Darg‘om tumanida 4596 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 3556 ta, Payariq tumanida 3472 ta, Paxtachi tumanida 2766 ta, Ishtixon tumanida 2515 ta, Samarqand tumanida 2245 ta, Jomboy va Narpay tumanlarida 2170 tadan, Toyloq tumanida 2166 ta, Bulung‘ur tumanida 2106 ta, Qo‘shrabot tumanida 1964 ta, Nurobod tumanida 1893 ta, Oqdaryo tumanida 1845 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 1053 ta shunday oila ro‘yxatga olindi. Bu oilalarga «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida 24,6 milliard so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Bugungi kunda «Homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari»da 571 nafar tadbirkorlar, ko‘ngilli hamda volontyorlardan iborat ishchi guruhlar shakllantirilgan. Ular yordamida 19 ming 747 ta kam ta’minlangan ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish choralari ko‘rilmokda. Qayd etish lozimki, o‘tgan davrda markazlarga 2978 ta murojaat tushdi. Lekin mavjud ma’lumot va imkoniyatlardan kelib chiqib ko‘proq, ya’ni 18 ming 538 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, 3,3 tonna o‘simlik yog‘i, 23,3 tonna un, 2,11 tonna shakar, 3,7 tonna makaron, 0,5 tonna go‘sht, 0,6 tonna tovuq go‘shti, 6 tonna kartoshka, 9,7 tonna piyoz, 3,7 tonna sabzi, 2,3 tonna guruch, 0,3 tonna quruq choy, 1052 quti tuxum, 20 ming 410 ta niqob, 8450 ta qo‘lqop tarqatildi.

«Temir daftar»ga kiritilgan 60 ming 882 nafar mehnatga layoqatli, lekin ishsiz fuqarolardan 42 ming 583 nafarining bandligi ta’minlandi. Jumladan, 329 kishi oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik yo‘nalishida ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 16 ming 424 kishi o‘zini o‘zi band qilish va jamoatchilik ishlariga jalb qilindi. Shuningdek, 11 ming 411 kishi qishloq xo‘jaligi, 14 ming 419 kishi qurilish va boshqa sohalarda ishga joylashtirildi.

Shahar va tumanlar kesimida olib qaraganda Samarqand shahrida 464 ta, Urgut tumanida 481 ta, Past Darg‘om tumanida 378 ta, Bulung‘ur tumanida 307 ta, Jomboy tumanida 263 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 202 ta, Qo‘shrabot tumanida 191 ta oila doimiy ish bilan ta’minlandi.

Bu boradagi ko‘rsatkich Paxtachi tumanida 164 ta, Samarqand va Toyloq tumanlarida 151 va 152 ta, Narpay tumanida 115 ta, Oqdaryo tumanida 122 ta, Nurobod tumanida 98 ta, Payariq tumanida 66 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 58 tani tashkil qilmoqda.

Shuningdek, kambag‘al oilalarning 747 nafari tadbirkorlik orqali band qilindi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish kerak».

Mazkur talab asosida olib borilgan ishlar natijasida mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan 6693 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha takliflar berildi.

Shu o‘rinda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan "Saxovat va ko‘mak" fondi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam tarqatilishi belgilanganligi ham bu boradagi ishlarning ahamiyatini yanada oshirishi shubhasiz. Negaki, buning uchun Inqirozga qa rshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 150 milliard, shu jumladan, viloyatimizga 10 milliard so‘m ajratilgani muhtoj oilalar uchun yaxshigina ko‘mak bo‘ladi.

Albatta, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar shu bilan yakunlanmaydi. Bu borada iyul-sentyabr va oktyabr-dekabr oylari uchun alohida vazifalar belgilab olingan.

Xususan, ushbu yo‘nalishda monomarkazlar va kasbga o‘qitishga mo‘ljallangan muassasalarni bosqichma-bosqich tashkil etishni amalga oshirish dasturi ishlab chiqilgan. Dasturga muvofiq, sentyabr oyida Samarqand shahar yengil sanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quv ishlab chiqarish bazasida «Ishga marhamat» monomarkazi, Samarqand tumani Gulobod ijtimoiy-iktisodiy kollejining o‘quv ishlab chiqarish bazasida «Samarqand tumani kasb-hunarga o‘qitish markazi», shuningdek, viloyatning 14 ta tuman (shahar)larida «Kasb-hunarga o‘qitish maskani» tashkil etilishi belgilangan.

Bugungi kunda mahallalarda dizayn, pazandachilik, tikuvchilik va boshqa kasblarga hamda xorijiy tillarga o‘qitish kurslarida ishtirok etuvchi 1567 nafar talabgorlarning ro‘yxati shakllantirilgan.

Asqar Umarov,

Samarqand viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i.