Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin davrida musiqa maktablarida ota-onalar badal puli to‘lanadimi?

- Farzandim musiqa maktabining 2-sinfida o‘qiydi. Bu yilgi o‘quv yili uchun mart oyigacha to‘lov qildik. Karantin davrida faqatgina musiqa nazariyasidan saboq oldi, ammo amaliy mashg‘ulotlar o‘tilmadi. Yaqinda tashkil etilgan telegram guruhida maktab rahbariyati tomonidan aprel va may oylari uchun ham to‘lovni amalga oshirishimiz kerakligi aytildi. Bu to‘g‘rimi?

Nargiza Murodova, 

Samarqand shahri.

- Ha, to‘g‘ri. Madaniyat vazirligining “Ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini masofaviy ta’lim orqali davom ettirish hamda 2019-2020 o‘quv yilini yakunlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan, viloyatimizdagi barcha bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘quv yili masofaviy tarzda yakunlandi. Darslar telegram guruhlari orqali  masofaviy tashkil etildi va  yakuniy imtihonlar ham onlayn olib borildi.

Aprel-may oylarida darslar onlayn tarzda o‘tkazilganligini inobatga olib, ota-onalar tomonidan badal to‘lovlarini bitiruvchilar uchun 2020 yil 1 avgustga qadar, qolgan o‘quvchilar uchun joriy yilning 1 noyabriga qadar to‘lanishiga ruxsat berildi. Ayrim yo‘nalishlarda tahsil oluvchi o‘quvchilar uchun darslarni masofadan tashkil etishning imkoni bo‘lmaganligi uchun mashg‘ulotlar yozgi ta’tilda o‘tib beriladi. Farzandingiz bitiruvchi bo‘lmaganligi uchun badal to‘lovlarini joriy yilning 1 noyabrigacha to‘lash imkoniyatiga egasiz.

Hojiakbar MAMATOV,

Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi.